Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
Iqtisod 17/10/2024 O‘zbekistonda qishloq joylarni kompleks rivojlantirishni kengaytirmoqdamiz: loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi

O‘zbekistonda qishloq joylarni kompleks rivojlantirishni kengaytirmoqdamiz: loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yil 17-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi Islom taraqqiyot banki (ITB) ishtirokida va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

“Birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz orqali biz qishloq aholisining imkoniyatlarini kengaytirish, infratuzilmani yaxshilash hamda ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi muhim ehtiyojlarini qondirishda katta yutuqlarga erishdik. Bizning asosiy maqsadimiz qishloq aholisining hayot sifatini yaxshilashdir”, - dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O'zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.

Joriy yilning 28-mart kuni mamlakatimizning chekka hududlarida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasiniamalga oshirish toʻgʻrisida Prezident qarori imzolandi.

“Islom taraqqiyot bankiga Oʻzbekiston hukumati tomonidan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishda strategik hamkor boʻlish ishonib topshirilganini yuksak qadrlaymiz va biz Oʻzbekiston hukumati va BMTTD bilan ushbu hamkorlikni muvaffaqiyatli davom ettirishga umid qilamiz. Loyihaning birinchi bosqichi doirasida biz Orolbo‘yi mintaqasida mahallani rivojlantirish rejalarini ishlab chiqdik, endi esa qishloq infratuzilmasini qurishga o‘tmoqdamiz. Shu natijalar bilan loyihaning ikkinchi bosqichini boshlashimiz quvonarlidir”, - deydi Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Islom taraqqiyot banki mintaqaviy vakolatxonasi operatsion guruhi rahbari Vaxyu Vijayanto.

Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ITB ishtirokida 2024-2028-yillarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 tumanidagi 157
ta mahallani qamrab oladigan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining ikkinchi bosqichini ishga tushirmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 293,5 million dollarni tashkil etadi. 

Yangi loyiha yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr ta’minoti tizimlarini takomillashtirish, bolalar bog‘chalari, maktablar va qishloq poliklinikalari kabi ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda resurs tejamkor va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali qishloq aholisining turmush darajasini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, yashil va energiya tejamkor hamda raqamli yechimlardan foydalangan holda qishloqlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda arxitektorlar, muhandislar jamoalari, mahalliy hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor tomonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatini mustahkamlash rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha qurilish va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan mahallalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish orqali jamoalarga o‘z rivojlanish ustuvorliklari va ehtiyojlarini aniqlash imkonini berishi kutilmoqda.

Ochilish tadbirida ta’kidlanganidek, loyiha inklyuziv va barqaror o‘sish orqali qishloqlardagi qashshoqlikni kamaytirishga yordam beradi. Loyihani amalga oshirish natijasida 622 mingdan ziyod qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilanishi rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, loyihaning 2022-yilda boshlangan va bugungacha amal qilayotgan birinchi bosqichi ham xuddi shunday vazifalarni qoʻygan boʻlib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining 20 ta maqsadli tumanlarida 170 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi qishloq aholisining turmush darajasini hamda aholining kasbiy malakasini oshirish maqsadida chekka qishloqlarda ham obʼyektlarni qurish va taʼmirlash ishlarini o’z ichiga olgan. Ayni paytda mahalliy aholining faol ishtirokida 2024-2025-yillarda quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan 900 ta kichik loyiha tanlab olindi.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling