Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 12/11/2024 O‘zbekistonda o‘sib kelayotgan avlod orasida sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatni shakllantirish hamda mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekistonda o‘sib kelayotgan avlod orasida sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatni shakllantirish hamda mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — «O‘zbekistondagi Yevropa Iqtisodiyoti Kunlari» forumini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Yevropa-O‘zbekiston Iqtisodiy Hamkorlik Assotsiatsiyasi” (EUROUZ) tashkil etdi va bu forum O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ekologik ta’lim sohasida muhim voqeani rasmiylashtirdi.

Ushbu hujjat davlat va xususiy tuzilmalar sa’y-harakatlarini birlashtirib, yosh avlodni atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilishga ilhomlantirish, tabiatga ongli munosabatda bo‘lish va sog‘lom turmush tarziga oid ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan.

“Nestlé va Hukumat o‘rtasida imzolangan memorandum to‘g‘ri ovqatlanishning ahamiyati va sog‘lom turmush tarzini olib borishning muhimligini oshirish, shuningdek, oziq-ovqat tanlovlarimizning ekologik ta’sirini anglashni yaxshilashga qaratilgan. Barchamizga ma'lumki, noto‘g‘ri va nomutanosib ovqatlanish sog‘lig‘imizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin; nazoratsiz oziq-ovqat tizimlari esa atrof-muhitga jiddiy muammolar keltirishi mumkin. Aynan mana shu masalada har bir shaxsning ongli tanlov qilishining birinchi qadami — bu xabardorlikdir. Shuning uchun shaxsiy va ekologik farovonlik ana shu tanlovlar orqali oshirilishi kerak. Men O‘zbekistonda “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining amalga oshirilishini intiqlik bilan kutyapman va uning ekologik va sog‘liqni saqlash masalalariga barqaror hissa qo‘shishiga umid qilaman. Ushbu kun tartibini ilgari surishda ishtirok etayotgan vazirliklar va Nestlé kompaniyasiga minnatdorchilik bildiraman”, - deya ta’kidladi Shveytsariya Konfederatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Konstantin Obolenskiy.

Eslatib o‘tamiz, 2023–2024 o‘quv yilida “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi O‘zbekistondagi olti viloyatdagi 35 dan ortiq maktabni qamrab oldi, 2024–2025 o‘quv yilida esa tashabbuskorlar loyihani butun mamlakat bo‘ylab amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

“Zamonaviy bolalar global iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi va o‘z salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish zarurati sharoitida ulg‘aymoqda. Memorandumning maqsadi bolalarga ushbu chaqiriqlarni erta yoshdan anglashni ta’minlash, ularni ekologik madaniyat va ongli turmush tarziga o‘rgatishdir”, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduxakimov.

Imzolangan Memorandum bolalarda ekologik tafakkur asoslarini, sog‘lom ovqatlanish va turmush tarzi tamoyillarini shakllantirish, shuningdek, tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishning ahamiyati to‘g‘risida xabardorlikni oshirish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.

“Memorandumni imzolash — O‘zbekiston uchun sog‘lom va ongli kelajakni shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib, unda salomatlik va tabiatga g‘amxo‘rlik avloddan-avlodga o‘tiladi. Biz ishonamizki, hamkorlarimiz bilan birgalikda sog‘lom odatlar kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanadigan avlodni tarbiyalay olamiz”, - deb ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari.

Bugun imzolangan hujjat maxsus ekologik modulni o‘z ichiga olgan “Salomatlik yo‘nalishlari” ta’lim dasturi (“Nestlé for Healthier Kids” global tashabbusi) doirasida amalga oshiriladi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi metodik rahbarligi ostida mamlakatimiz maktablarida amalga oshirilmoqda. Mashg‘ulotlar 7-8 yoshli bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, “Tabiiy fanlar” asosiy o‘quv dasturiga kiritilgan.

“Imzolangan hujjat doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslarda ishtirok etish bolalarga ularning hozirgi va kelajakdagi salomatligiga ta’sir ko‘rsatadigan sog‘lom ovqatlanish va faol turmush tarzi haqida sodda va tushunarli bilimlarni beradi. Tabiatni muhofaza qilish tashabbuslari bilan yoshlikdan tanishish ularga umr bo‘yi davom etadigan barqaror odatlarni shakllantiradi. Memorandumni imzolash va mamlakat maktablarida “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturini amalga oshirish orqali biz o‘z tashabbusimizga jamoat tashkilotlari va mutaxassislarni jalb qilishni, shu bilan loyihaning keng ommaga yanada katta ta’sir ko‘rsatishini maqsad qilmoqdamiz”, - dedi kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Sergey Lisyuk (“Nestle Food” XK MCHJ).
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling