Chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarning avgust oyidan boshlab elektr energiyasi toʻloviga cheklov o‘rnatiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2025-yil 1-avgustdan maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlaridan qarzi bo‘lgan iste’molchilar uchun elektr energiyasi to‘lovlariga yangi cheklovlar joriy etiladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga koʻra, har oyning 3-sanasiga qadar respublika bo‘yicha qarzdor abonentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi.
So‘ngra chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqami orqali “SMS” xabarnoma yuboriladi. Abonentlarga ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 (besh) kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat beriladi. Mavjud qarzdorlik ushbu muddat ichida to‘lanishi lozim!
Aks holda, abonentlar tomonidan belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa: ularda elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.
Maʼlumot o‘rnida, ushbu tartib 2025-yil 30-iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tartib 2025-yilning 1-iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 1-avgustidan boshlab qo‘llaniladi.
Shu o‘rinda, sanitar tozalash korxonalari chiqindi to‘lovlarini hisoblashda aniqlik va haqqoniylik uchun javobgar hisoblanadi. Agar abonentlarga sanitar tozalash xizmati o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilmasa ko'rsatilmagan kunlardagi xizmatlar uchun to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinadi.
Fuqarolarda chiqindilarni qayta ishlash tizimi yoki ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati bilan bog‘liq fikr va mulohazalar bo‘lsa, 1205 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston prezidenti mart oyida elektr energiyasi uchun toʻlov va chiqindi yigʻimlarini oʻz vaqtida toʻlash oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrnatuvchi qonunni imzolagan edi. Qonun joriy yilning 8 iyunidan kuchga kirdi.