Valyuta kurslari 19/03/2025
$1 – 12935.68
UZS – -0,06%
€1 – 14164.57
UZS – 0,4%
₽1 – 158.80
UZS – 3,32%
Qidirish
Texnologiyalar 18/03/2025 O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi raqamli texnologiyalar va telekommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Yozef Sikela O‘zbekistonning ko‘p jabhalarda jadal rivojlanish yo‘lida erishayotgan, aholi turmushini sezilarli darajada yaxshilagan yutuqlari, jumladan, raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

O‘z navbatida, vazir Sh.Shermatov vazirlikning asosiy maqsadlari, yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyatlari cheklangani bois vazirlik AKT sohasini faol rivojlantirayotgani, bu esa IT-xizmatlar eksporti ko‘rsatkichlarini jadal oshirishga xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.

Vazir Sh.Shermatov Yevropa bozorining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, uchrashuvda telekommunikatsiya yo‘nalishida hamkorlik istiqbollari, jumladan, zamonaviy yo‘ldosh aloqasi tizimi yordamida olis hududlarni internet bilan taʼminlash boʻyicha loyihani hamkorlikda amalga oshirish masalalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida raqamlashtirish va telekommunikatsiya yo‘nalishlarida raqamli aloqadorlikni kengaytirish, barqarorlikni rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Shu bilan birga, "Markaziy Osiyoda raqamli aloqadorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa jamoasi tashabbusi" doirasidagi loyihalar bo‘yicha muhokamalar olib borildi. 

Yakunda tomonlar uchrashuv uchun bir-biriga minnatdorchilik bildirib, o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaqin kelajakda qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga umid bildirdilar.

"Markaziy Osiyo uchun aloqa (C4CA) loyihasi" – butun mintaqada raqamli infratuzilma va integratsiyani yaxshilashga qaratilgan. U Markaziy Osiyo mamlakatlarini yaxshiroq bog‘lashga, hamkorlik va iqtisodiy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi.

"Markaziy Osiyoning olis hududlari aholisi uchun sun’iy yo‘ldosh aloqasi" loyihasi chekka va olis hududlarni internet bilan ta’minlashga qaratilgan. 

Bu loyiha internetga ishonchli kirish imkoniyati cheklangan yoki umuman mavjud bo‘lmagan qishloq va olis hududlar aholisi uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy rivojlanish sohalarida raqamli imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling