O‘zbekiston va Xitoy charm-poyabzal sanoati sohasida sanoat sherikligini mustahkamlaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Venjou shahrida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati va Xitoy charm sanoati uyushmasi yetakchi vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda asosiy e’tibor ikki davlat sanoati o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik, qo‘shma loyihalar va investitsion tashabbuslarga qaratildi.
Muzokaralarda Andijon viloyatidagi Oltinko‘l kichik sanoat zonasi (KSZ) imkoniyatlari muhokama qilindi. Xitoylik investorlar mazkur hududda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi liniyalarni yo‘lga qo‘yish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga katta qiziqish bildirdi.
O‘zbekiston charm va poyabzal sanoati uchun Oltinko‘l KSZ strategik ahamiyatga ega. Hozirda bu yerda qator korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va savdo majmualarida ulgurji savdoni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. Yangi loyihalar esa sanoat markazining quvvatini yanada oshirishi kutilmoqda.
Xitoy kapitalining mamlakatimizga kirib kelishi bilan mahsulotni Xitoy va Osiyoning yirik bozorlariga olib chiqish imkoniyati ortadi. Zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni joriy etish orqali tayyor mahsulot ulushi oshadi. Kutilayotgan investitsiya to‘lqini – Xitoy kapitali hisobiga ishlab chiqarish liniyalari va eksport hajmining kengayishiga xizmat qiladi.
Xitoy charm sanoati bugungi kunda dunyoda yetakchi o‘rinda turadi. Uning salohiyatini O‘zbekistonning xomashyo bazasi va ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish ikki mamlakat uchun ham iqtisodiy jihatdan ulkan natijalar berishi mumkin. Venjou shahridan boshlangan ushbu muloqot ikki davlat sanoati o‘rtasida strategik sheriklikka asos solishi kutilmoqda.