O‘zbekiston va Walvax mahalliy vaksina ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida “Walvax Biotechnology Co., Ltd.” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
«Walvax Biotechnology Co., Ltd.» – 2001 yilda tashkil etilgan, yuqori sifatli vaksinalarni yaratish, rivojlantirish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi biofarmatsevtika kompaniyasidir. Kompaniyaning portfelida PCV13, HPV2 va meningokokk vaksinalari kabi 9 ta litsenziyalangan vaksina mavjud bo‘lib, yiliga 390 million dozagacha mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Mahsulotlar Xitoyning 31 ta viloyatida tarqatiladi va 18 davlatga eksport qilinadi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash bo‘limi boshlig‘i, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Suhbat chog‘ida tomonlar qator muhim masalalarni muhokama qildilar, jumladan:
vaksinalarni mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
texnologiyalarni transfer qilish;
mahalliy hamkor topish;
vaksinalarni O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari.
“Walvax Biotechnology Co., Ltd.” kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikda mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish orqali mamlakatimizda vaksinalarning uzluksiz taʼminotiga erishish, shuningdek, Markaziy Osiyo va MDH davlatlari bozorlariga chiqish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va maʼlumot almashishda kelishib oldilar.
Ushbu hamkorlik O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va aholi salomatligini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.