Valyuta kurslari 26/08/2025
$1 – 12305.80
UZS – -0,42%
€1 – 14389.17
UZS – 0,41%
₽1 – 152.56
UZS – -0,61%
Qidirish
O‘zbekiston 26/08/2025 O‘zbekiston va Turkiya sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston va Turkiya sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir Asilbek Xudayarov Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston va Turkiyaning o‘zaro hamda turli xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalari tobora kengayib, yangicha maʼno-mazmun kasb etmoqda. Ayniqsa, ikki davlat Prezidentlarining saʼy-harakati bilan oxirgi yillarda hamkorligimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Natijada boshqa sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot yo‘nalishida ham o‘zaro aloqalar mustahkamlanib, salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilayotir. Ayniqsa, tibbiyot markazlari va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik tobora kengaymoqda. Ko‘plab Turkiya farmatsevtika kompaniyalari yurtimizga kirib kelib, o‘z faoliyatini davom ettirayotir.

Uchrashuvda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida Turkiya tajribasi qo‘l kelayotgani alohida taʼkidlab o‘tildi.

O‘tgan yildan boshlab turkiyalik mutaxassislar hamkorligida birlamchi tibbiy yordamni isloh qilish, tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, sohani raqamlashtirish, shifoxonalarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yana-da oshirish, ularni rejalashtirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, dori vositalari bilan taʼminlash hamda shoshilinch tibbiy yordamni bugungi kun talabi darajasida yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) tomonidan “Salomatlik haftaligi” tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan 9 yil davomida 730 dan ortiq operatsiya, 3 ming 500 dan ziyod maslahat hamda salkam 600 ta treninglar o‘tkazildi.

O‘zbekiston va Turkiya cog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida 2024 —2025 yillarga mo‘ljallangan “Harakat dasturi” ishlab chiqilgan bo‘lib, uning doirasida ham eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilyapti. Masalan, shu yilning fevralida Buxoro va Samarqand viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari boshchiligidagi delegatsiya tajriba almashish hamda malaka oshirish maqsadida ushbu davlatda bo‘lib qaytdi.

Ikki davlat sog‘liqni saqlash tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik fan va taʼlim yo‘nalishlarida ham kengayib borayotgani muloqot davomida alohida aytib o‘tildi.

Masalan, 2019 yilda Turkiya tibbiyot fanlari universiteti rektori J. Erdolning saʼy-harakati bilan Buxoro tibbiyot instituti negizida qo‘shma fakultet tashkil etilgan va hozir bu yerda talabalar qo‘shma dastur asosida tahsil olmoqda.

Bugun nafaqat davlat tibbiyot muassasalari, balki nodavlat tuzilmalar o‘rtasida ham munosabatlar kuchayib borayotgani eʼtiborga molik.

Umuman, muloqot davomida alohida eʼtirof etilganidek, O‘zbekiston va Turkiyaning sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling