O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari qo‘shma kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligini qayd etdilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va muvaffaqiyatlar, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladilar.
Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani va Tojikiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan ham tabrikladi.
Oliy darajada qabul qilingan bitim va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Faol siyosiy muloqotni davom ettirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini, faol madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuv dasturlarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Mart oyi oxirida Tojikistonda bo‘lajak uch tomonlama uchrashuvga hamda joriy yil aprel-may oylarida mamlakatimizda o‘tadigan "Markaziy Osiyo plyus" formatidagi sammitlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.