O‘zbekiston va TIKA oltita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha loyihalarni kengaytirishga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-avgust kuni Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Esin Ajar Ergin hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Umrzakov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Turkiya Hamkorlik va Muvofiqlashtirish Agentligi (TİKA) — Turkiya Respublikasining rasmiy rivojlanish hamkorligi agentligi bo‘lib, 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, TİKA bugungi kunda 60 dan ortiq davlatda 60+ koordinatsiya ofisiga ega hisoblanadi. Agentlikning asosiy maqsadi — Turkiya va hamkor mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy, madaniy, ta’lim, sog‘liqni saqlash va texnik hamkorlik sohalarida loyihalarni amalga oshirishdir.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, eng avvalo, 6 ta ustuvor soha boʻyicha mahalliy korxona vakillarini Turkiya standartlari asosida tajribasini oshirishga qaratilgan oʻquv-treninglarni tashkil etish, shuningdek, TİKA grantlarini jalb etgan holda boshqa salohiyatli yo‘nalishlarda keng qamrovli hamkorlikni amalga oshirish yuzasidan aniq takliflar muhokama qilindi hamda keyingi qadamlar belgilab olindi.
Jumladan, energiya samaradorligini oshirish, urbanizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan samarali foydalanish, xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Shu bilan birga, 2025-yilda TİKA hamkorligida Toshkent va Anqara shaharlarida Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari uchun bir qator malaka oshirish va o‘quv dasturlari tashkil etilganligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali va tizimli davom ettirishga kelishib oldilar.