O‘zbekiston va Rossiya sunʼiy intellekt sohasida hamkorlikni rivojlantirish niyatida
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi kompaniyalari sunʼiy intellekt (SI) asosida ilg‘or texnologiyalarni birgalikda ishlab chiqish va joriy etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi departamenti boshlig‘i Sarvar Sadullayev Sputnik Uzbekistan xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
«Tomonlar sunʼiy intellekt sohasida texnologiyalarni rivojlantirish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzishga qiziqish bildirishdi», — dedi Sadullayev Rossiyaning IT-kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari haqidagi savolga javoban.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda O‘zbekistonga Rossiyaning yetakchi IT-kompaniyalari delegatsiyasining tashrifi doirasida mahalliy ishlanmalar va sunʼiy intellektni turli sohalarga joriy etish bo‘yicha rejalar taqdim etildi. Rossiyalik mutaxassislar o‘zbekistonlik mutaxassislarning ishlanmalarini yuksak baholab, ularning Rossiya bozorida hali mavjud bo‘lmagan noyob yechimlarga ega ekanligini taʼkidlashdi.
«Ular O‘zbekistonda Rossiyada hali mavjud bo‘lmagan texnologiyalar borligini alohida qayd etishdi. Shuning uchun Rossiya tomoni faqat yechimlarni xarid qilish emas, balki ularni birgalikda rivojlantirishni taklif qildi», — deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.
Avvalroq, iyul oyi boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tegishli vazirlik va idoralarga milliy sunʼiy intellekt modelini ishlab chiqish, shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasida bir million malakali mutaxassis tayyorlashni topshirgan edi.
Ushbu tashabbus mamlakatning raqamli iqtisodiyotini jadal rivojlantirish va texnologik suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan.