Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Moskva shahrida bo‘lib turibdi.
Ushbu delegatsiya tarkibida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev qator muhim muzokaralar o‘tkazmoqda.
Xususan, Sh. Daliyev va Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari K. Molilevskiy o‘rtasidagi uchrashuvda mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekistondan Rossiyaga ishlash maqsadida boradigan fuqarolarni sifatli kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish, ularning rus tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash borasida fikr almashdilar.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi doirasida O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialini ochish hamda Rossiyaning yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.