O'zbekiston va Qatar diplomatik kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Ashraf Xo'jayev Qatar Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik instituti rektori Abdulaziz Al-Hurr bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida O'zbekiston va Qatar o'rtasida barcha jabhalarda, xususan ta'lim sohasidagi aloqalarni yana-da jadallashtirish, ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari hamkorligini chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
O'zbekiston–Qatar munosabatlari so'nggi yillarda davlatlarimiz yetakchilarining sa'yi-harakatlari bilan yangi sur'at olgani alohida qayd etildi.
Tomonlar O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Diplomatik akademiyasi va Qatar TIV huzuridagi Diplomatik instituti o'rtasida treninglar o'tkazish va hamkorlik bo'yicha anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqish hamda imzolash masalalari xususida fikr almashdilar.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti delegatsiyasining Qatarga tashrifini ishlab chiqish va tashrif davomida mazkur hujjatni imzolash hamda hamkorlikning aniq yo'nalishlarini belgilab olish muhimligi ta'kidlandi.
Bundan tashqari, Qatar TIV huzuridagi Diplomatik instituti tomonidan tashkil etiladigan o'quv kurslariga mamlakatimiz vakillarini jalb etish, O'zbekistonda o'tkazilayotgan xalqaro tadbirlarga ushbu institut xodimlari ishtirokini ta'minlash to'g'risida kelishib olindi.