O‘zbekiston TIV Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegaradagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Tailand va Kambodja o‘rtasidagi vaziyatga oid savollar yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Vazirlikda taʼkidlanishicha, ikki davlat chegarasida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuv bilan bog‘liq vaziyat rivoji diqqat bilan kuzatib borilmoqda.
O‘zbekiston barcha taraflarni mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga va xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqirmoqda.
O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi maʼlumotiga ko‘ra, Tailand va Kambodjada yashovchi O‘zbekiston fuqarolari orasida jabrlanganlar yo‘q. Tailand poytaxti va sayyohlik hududlarida vaziyat barqaror, hozircha xorijiy turistlar uchun tahdid kuzatilmayapti.
Shu bilan birga, TIV O‘zbekiston fuqarolariga Kambodja bilan chegaradosh hududlarga safar qilishdan tiyilishni va rasmiy axborotlarni diqqat bilan kuzatib borishni tavsiya etmoqda.
Favqulodda holatlar yuzaga kelgan taqdirda fuqarolar Bangkokdagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: (+66-2) 675-3995 va (+66-2) 675-3996.
Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishda davom etmoqda.