Valyuta kurslari 25/11/2024
$1 – 12829.07
UZS – -0,12%
€1 – 13344.80
UZS – -1,21%
₽1 – 124.91
UZS – -1,92%
Qidirish
Iqtisod 17/11/2024 O‘zbekiston Respublikasi Kimberli jarayoning sertifikatlashtirish sxemasiga qo‘shildi

O‘zbekiston Respublikasi Kimberli jarayoning sertifikatlashtirish sxemasiga qo‘shildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yil 12-15-noyabr kunlari Dubay shahrida (Birlashgan Arab Amirliklari) Kimberli jarayonining 21-yillik yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi hamda “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etishdi.

Yalpi majlis doirasida O‘zbekiston Respublikasining Kimberli jarayoniga qo‘shilish bo‘yicha murojaati ijobiy ko‘rib chiqilib, Kimberli jarayoniga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilindi.

Bunga joriy yil oktabr oyida Kimberli jarayoni ishtirokchi davlatlari (Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi) va kuzatuvchilari (Butunjahon olmos kengashi) vakillaridan iborat ekspert missiyasining O‘zbekiston respublikasiga tashrifi asos bo‘ldi. Ushbu tashrif natijalariga ko‘ra, respublika Kimberli jarayonining minimal talabalari bajarilganligi bo‘yicha ekspert missiyasi tomonidan ijobiy baho oldi.

Ta’kidlash joizki, Kimberli jarayoniga qo‘shilish bo‘yicha ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–104-son Farmoni bilan muvofiqlashtirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Kimberli jarayoni – xalqaro hukumatlararo tashabbus bo‘lib, uning asosiy maqsadi noqonuniy yo‘l bilan qazib olingan, “qonli” yoki “mojaroli” deb ataluvchi olmoslarning jahon bozoriga kirib kelishiga qarshi kurashishdir. Ushbu tashabbus bunday qimmatbaho toshlardan tushgan mablag‘larning mintaqaviy nizolarni va xalqaro terroristik guruhlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishiga qarshilik ko‘rsatishni ko‘zlaydi.

Kimberli jarayoning sertifikatlashtirish sxemasiga qo‘shilish milliy zargarlik sanoati ishlab chiqaruvchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash, jahon olmos bozoriga kirish orqali ularning xalqaro bozordagi huquqlarini ta’minlash, umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imidjini yaxshilash, ilg‘or xorijiy tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalar va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling