Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
Iqtisod 07/11/2024 O‘zbekiston regulyator organi ICH’ga kuzatuvchi maqomida qabul qilindi

O‘zbekiston regulyator organi ICH’ga kuzatuvchi maqomida qabul qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Monreal shahrida farmatsevtika mahsulotlariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha xalqaro kengash Assambleyasi ICH’ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda mamlakatimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM direktori Alisher Temirov ishtirok etmoqda. Bu O‘zbekistonning ushbu nufuzli tashkilot yig‘ilishidagi ilk qatnashuvi.

Ma’lumot uchun, ICH (International Council for Harmonisation of Technical Requirements for Pharmaceuticals for Human Use) 1990-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dori vositalarining sifatini, xavfsizligini va samaradorligini ta’minlash uchun farmatsevtika mahsulotlari uchun xalqaro ilmiy va texnik talablarni muvofiqlashtiruvchi kengash hisoblanadi. Bugungi kunda ICH tarkibida 19 ta to‘laqonli a’zo va 36 ta kuzatuvchi maqomidagi ishtirokchi mavjud bo‘lib, ulardan asosiylari AQSH, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, shuningdek, bir nechta xalqaro tashkilotlarning tartibga soluvchi organlaridir.

Kengashda o‘z taqdimoti bilan nutq so‘zlagan Alisher Temirov, O‘zbekiston milliy regulyator organi va uning vazifalari hamda aholini sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashda muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu esa ICH a’zolari tomonidan yuqori e’tirof etilib, yig‘ilishda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasini ICH’ga rasmiy ravishda kuzatuvchi maqomida qabul qilinishi bir ovozda ma’qullandi.

Aytish joiz, ICH’da kuzatuvchi maqomini olish O‘zbekiston Respublikasining jahon farmatsevtika hamjamiyatiga integratsiyalashuvi jarayonidagi muhim qadam bo‘lib, mahalliy tartibga solish standartlarini xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling