O‘zbekiston Qozog‘istonda halok bo‘lgan uch fuqarosining jasadlarini repatriatsiya qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Migratsiya agentligi 11 sentyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi LGN Metal korxonasida sodir bo‘lgan va uch nafar o‘zbekistonlikning hayotiga zomin bo‘lgan fojiaga munosabat bildirdi.
Idora maʼlumotiga ko‘ra, marhumlarning jasadlarini Vatanga qaytarish uchun zarur barcha tartib-taomillar yo‘lga qo‘yilgan.
Halok bo‘lganlarning oilalariga amaliy yordam va ko‘mak ko‘rsatish uchun Agentlikning hududiy bo‘linmalari masʼul xodimlari biriktirilgan.
Shuningdek, tergov jarayoni doirasida Qozog‘iston tomoni bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani taʼkidlandi. Migratsiya agentligi marhumlarning yaqinlari va qarindoshlariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Fojia yuzasidan Iliy tumani politsiyasi mehnat muhofazasi qoidalarini buzish orqali odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan modda bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atdi, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.