Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 5-fevral kuni "Perdana Putra" hukumat majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Malayziya Bosh vaziriga ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan "Madani" davlat strategiyasining yuksak natijalari bilan dildan qutladi.
O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Malayziya Bosh vazirining o‘tgan yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.
Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalar faollashdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda.
O‘tgan yili Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi, Ishbilarmonlar kengashi tuzildi, qator yirik biznes forumlari tashkil etildi.
Tashrif arafasida tahliliy markazlar uchrashuvi, O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi o‘tkazildi.
Hamkorlikni rivojlantirish va oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishni samarali muvofiqlashtirish maqsadida Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti platformasini tashkil etishga qaror qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish, Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga kelishib olindi.
Malayziya hukumati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Yetakchilar 2025-2026-yillarni O‘zbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e’lon qilishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy hamkorlikning yangi modelining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Bular – neft-kimyo va kimyo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoati, innovatsion sanoat, "aqlli" qishloq xo‘jaligi, "yashil" energetika, ziyorat turizmi va boshqalar.
Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.
Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar. Joriy yilda O‘zbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari o‘tkaziladi.
Yetakchilar mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Terrorizm, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tayyorlashga qaror qilindi.
Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.