O‘zbekiston Prezidenti Rossiya bilan parlamentlararo hamkorlik kengayishini qo‘llab-quvvatladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-mart kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodinni qabul qildi. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘tgan yil may oyida Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuv va bitimlarning amalga oshirilishini nazorat qilish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimiz yetakchisi Parlamentlararo komissiyaning ikkinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni O‘zbekistonda, ikki mamlakat hududlarini keng jalb etgan holda o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor loyihalarini, mehnat migratsiyasi va madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi qo‘shma dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirishda parlamentlar faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi.