O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida kadrlar tayyorlash ko‘lami kengaymoqda, ammo kadrlar korxonalar ehtiyojlarini qondirmayapti – Prezident
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish boshlandi.
Oxirgi 7 yilda oliy taʼlimda qabul 4,5 barobar oshib, qamrov 42 foizga yetgan bo‘lsada, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emasligi qayd etildi.
Misol uchun, yiliga 20 ming avtomobil chiqarayotgan “BYD” zavodida 100 ta bo‘sh ish o‘rni bor. Shuning to‘rtdan biri – robototexnika va bo‘yoqlash, robotlarni dasturlash muhandislari.
Zavodda kadr yetishmayotgani uchun xorijdan 80 nafar mutaxassis kelib ishlamoqda. Zavod 4-5 yilda to‘liq quvvatga o‘tib, yiliga 500 ming avtomobil chiqarishni boshlasa, 4 ming nafar oliy malakali kadrlar kerak bo‘ladi.
“Bu – bitta loyiha bo‘yicha hisob-kitoblar. Yaqin 3-4 yilda ishga tushadigan 83 milliard dollarlik yirik loyihalar hisobiga sanoatni o‘zida 500 mingga yaqin kadr zarur”, - dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda oliygohlar tayyorlayotgan kadrlar bilan ish beruvchilarning talabi o‘rtasida farq katta ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Misol uchun, yengil sanoatning o‘zida 4 ming nafar oliy toifali kadrlarga ehtiyoj bor.
Bu yo‘nalishda yiliga o‘rtacha 2,5 ming talaba bitirgani bilan, ular korxonalardagi zamonaviy uskunalarda ishlashni bilmagani uchun 42 foizi ishga joylasha olmayapti. Oqibatda tadbirkorlar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari ishga joylashishni hisob-kitob qilishdagi kamchiliklarni tanqid qildi.
Bu yilgi 231 ming oliygoh bitiruvchisidan 125 mingi ish topdi, deb hisobot berilayotgani bilan ishli bo‘lganlarning 42 mingi o‘zini o‘zi band qilgani aniqlangan.
Har bir talabani oliygohda o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25-30 million so‘m sarflamoqda.
Lekin, to‘rt yil oliygohda o‘qib, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi kam malaka talab etadigan ishlarda band.
Qirqta oliygohga moliyaviy mustaqillik berilgani bugun o‘z samarasini bergani taʼkidlandi.
Masalan, iqtisodiyot, yuridik, tibbiyot, tillar va pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarning yetarli mablag‘i bor. Lekin eng dolzarb bo‘lib turgan qishloq xo‘jaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar (STEM) yo‘nalishidagi ayrim oliygohlar daromad topishga o‘rganmayotgani, yoshlar uchun jozibador emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz “tarmoq-korxona-oliygoh” zanjirini yo‘lga qo‘yishni jadallashtirish zarurligi qayd etdi.
Bu borada 25 ta muhandislik oliygohi hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochdi. Masalan, neft-gaz tarmog‘i taʼlim-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil qildi. Buxoro texnika universiteti esa neft-gazdan tashqari yana 10 ta korxonada 20 ta kafedra filiali faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Buxoro viloyatida yaqin yillarda yirik gaz-kimyo majmuasi ishga tushishi kutilmoqda. Xorijiy kompaniyalar tomonidan Ustyurtdagi yangi loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan.
Prezidentimiz bu quvvatlarga mutaxassislar qayerda tayyorlanadi, ilmiy izlanishlar kim tomonidan olib boriladi, degan savollarga hozirdan javob topish kerakligini taʼkidladi.
Endilikda qiymati 1 million dollardan, ishchilar soni 50 tadan yuqori loyihalar texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yo‘nalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj ko‘rsatiladi.
Bu asosda masʼul vazir va tarmoq rahbari oliygohlarga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.
Bunda rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun asosiy fanlardan tashqari qo‘shimcha taʼlim modullarini joriy qiladi. Ushbu modullarni o‘qigan talabalarga kredit ballari beriladi.
Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi bo‘lgan investor ishtirokida har yili baholab boriladi. Talaba diplom ishini loyihada qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib, himoya qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, investor ehtiyojiga mos kelgan bitiruvchilar u tomonidan kafolatli ishga olinadigan tizim bo‘ladi.
Tahlillar ko‘rsatganidek, byurokratiya sabab xususiy sektor bo‘sh o‘rinlarni ko‘rsatishdan manfaatdor emas.
Shu bois, oliygoh bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha xususiy sektor uchun maʼqul keladigan tizim yaratilishi belgilandi.
Buning uchun Tadbirkorlar reytingida alohida ko‘rsatkich qo‘shiladi.
Bunda tadbirkorlar o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi maʼlumotlarni mutaxassislik yo‘nalishi bilan kiritadi.
Platformaga oliygohlar ham ulanib, oliygohning “karyera markazi” bitiruvchini bo‘sh o‘rni bor korxona bilan bog‘lab beradi.
Eng muhimi, bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorga qo‘shimcha ball beriladi.
Bitiruvchisini yarmidan ko‘pini ishga joylagan “karyera markazi”ga oliygoh jamg‘armasidan 500 million so‘m mukofot beriladi.
Davlatimiz rahbari rektorlar vakolatini kengaytirish va masʼuliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish zarurligini taʼkidladi.
Endilikda, “Yangi O‘zbekiston” universitetining baholash tizimi oliygohlarda ham yo‘lga qo‘yiladi.
Moliyalashtirish oliygohlar to‘plagan ballariga qarab amalga oshiriladi.
Oliygohlarga bitiruvchilar bandligiga qarab – 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab – 30 ball, ilmiy salohiyati, tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun – 20 ball; tadqiqotlar uchun jalb qilgan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi.
Masalan, Qarshi texnika universiteti jami ballarning 85 foizini to‘plasa, bu yilgi byudjetdan berilayotgan 78 milliard so‘mga qo‘shimcha 20 foizlik bonus beriladi. Agar 56 foizdan kam to‘plasa, keyingi o‘quv yiliga moliyalashtirish qisqaradi.
Milliy universitet, Irrigatsiya kabi ilmiy oliygohlar, Madaniyat va sanʼat, Konservatoriya kabi ijtimoiy oliygohlarni texnika yo‘nalishidagi amaliy oliygohlar bilan tenglashtirib bo‘lmasligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga reyting mezonlarini ishlab chiqishda buni ham hisobga olish topshirildi.
Bundan buyon bitiruvchilarni ishga joylashda o‘zini o‘zi band qilganlik inobatga olinmasligi belgilandi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetida rektorlar maktabi orqali rektor va prorektorlikka nomzodlar maqsadli tayyorlanadi.
O‘quv kursida eng yaxshi natija ko‘rsatgan rektorlikka nomzodlar malaka oshirish uchun Garvard universitetiga yuboriladi.
Ko‘p masalalarda rektorlarga mustaqillik beriladi. Avvalo, barcha oliygohlar tashkiliy va akademik mustaqil bo‘ladi.
Yaʼni, rektor o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlaydi (amaldagi tartibga ko‘ra, vazirlik bilan kelishish kerak).
Bunda har bir nomzod oliygoh kengashida o‘zining yillik dasturini himoya qiladi.
Rektorlar belgilangan moliyalashtirish va shtati doirasida professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlarini o‘zi taqsimlaydi.
Bundan tashqari, rektorlarga “super” kontrakt summasini tabaqalashgan holda belgilash vakolati beriladi.
Prezidentimiz yana bir tashabbusni ilgari surdi.
"Biz abituriyentlarga 5 ta oliygohni tanlash imkonini berdik. Bu – oliy taʼlimda katta sakrash, desak adolatdan bo‘ladi. Buni yana-da kengaytiramiz, - dedi davlatimiz rahbari.
Endilikda abituriyentlar 5 ta oliygohdan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori ularni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Bu davlat va xususiy oliygohlar o‘rtasida raqobatning rivojlanishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Prezident hozirda band bo‘lmagan 92 ming bitiruvchini ishga joylashtirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
20 ming nafar bitiruvchi magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi. Yana 20 ming nafar bitiruvchini 10 mingga yaqin korxonadagi staj talab qilmaydigan ish o‘rinlariga joylashtirish mumkin.
Har bir viloyatda biznes-inkubatorlar tashkil qilib, ularda tadbirkorlik startaplari, marketing, dizayn, AT xizmatlari orqali 15-20 ming bitiruvchini band qilish topshirildi.
Kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, farmatsevtika tarmoqlarida 10 ming muhandis, texnolog, operator, standartlash, sifat nazorati, moliya, iqtisodiyot yo‘nalishi bitiruvchilarini ishga joylash imkoniyati bor.
Shuningdek, to‘qimachilik, charm, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat kabi mahalliy sanoat tarmoqlarida 5-7 ming bitiruvchini doimiy ish bilan taʼminlash mumkin.
Mutasaddilarga 6 ming bitiruvchini transport, logistika, yo‘l, qurilish, kommunal sohalar bilan qamrab olish, pedagogika, tibbiyot, ijtimoiy himoya, madaniyat, sanʼat sohalari muassasalari va o‘quv markazlarida 10 ming bitiruvchini ishli qilish topshirildi.
Yana 30 ming bitiruvchiga biznesini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashiladi.
Umuman, yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklarga 300 million dollar resurs ajratilgan.
Bitiruvchilarning ko‘pchiligi katta kredit olib, qaytara olmasligidan xavotir olayotgani uchun imtiyozli kredit resursining bir qismini bitiruvchini ishga olgan korxonalarga ham berish taklifi maʼqullandi.
Endi ishga olingan bitiruvchilar soniga qarab, tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit beriladi.
Masalan, 1 milliard so‘mgacha kredit olganlar kamida 1 nafar, 5 milliard so‘m olganlar esa 5 nafar bitiruvchini ishli qiladi. Imtiyozli kredit olgan korxona bitiruvchini 2 yil ichida ishdan bo‘shatsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘zgaradi.
Ushbu yangi tizim nafaqat bu yilgi, balki oliygohni tugatganiga 3 yil bo‘lmagan bitiruvchilar uchun ham amal qiladi.
Davlatimiz rahbari uyushmagan yoshlar bilan ishlash masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
Shundan 115 ming nafarining bandligini taʼminlash masalasi vazirlik, viloyat va tuman rahbarlari tomonidan hal qilinmoqda. 52 ming tarbiyasi og‘ir yoshlar huquq-tartibot xodimlari tomonidan otaliqqa olingani ham natijasini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, qolgan 5,5 ming ishsiz, 31 ming tarbiyasi og‘ir yoshlar va o‘qishdan chetlatilgan 3 ming talaba bilan tizimli ishlab, hayotda o‘z yo‘lini topishi uchun yordam berish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga hokimlar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birgalikda 9 ming uyushmagan va o‘qishdan chetlatilgan yoshni tadbirkorlik, xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘rgatib, ishli qilish topshirildi.
Masʼullar oldiga 31 ming tarbiyasi og‘ir yoshlarni kasb va til to‘garaklari, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.