O‘zbekiston Mobiuz‘ni sotishdan $300 million daromad olishga umid qilmoqda — Bloomberg
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston mobil aloqa operatori Mobiuz‘ni xususiylashtirish orqali taxminan 300 million dollar mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi masalaga yaqin manbalarga tayanib xabar berdi.
Gap Universal Mobile Systems (Mobiuz) kompaniyasi haqida bormoqda — 2024 yil yakunlari bo‘yicha bozorda 20,9 foiz ulushga ega bo‘lgan mamlakatning to‘rtinchi yirik mobil operatori. Manbalarning aytishicha, ushbu bitim bozor narxidan yuqori bahoda amalga oshirilishi mumkin, chunki davlat operatorni boshqa bozor ishtirokchilari bilan birlashtirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va Yevropadan bo‘lgan bir qator investorlar Mobiuz‘ga qiziqish bildirgan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tender jarayoniga izoh berishdan bosh tortgan.
Bu xususiylashtirish jarayoni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlangan keng ko‘lamli islohotlar dasturining bir qismi hisoblanadi. 2025 yilning o‘zida 10 trln so‘m (786 million dollar) mablag‘ jalb qilish ko‘zda tutilgan. 2026 yilning oxirigacha telekommunikatsiya va energetika sohalaridagi 29 ta yirik davlat kompaniyasidagi ulushlar xususiy sektorga o‘tkazilishi kerak.
Mobiuz‘dagi 100 foiz ulushni sotish bo‘yicha tender iyun oyida eʼlon qilindi. Qiziqish bildirish xati topshirishning oxirgi muddati — 1 avgust. Bitim bo‘yicha maslahatchi sifatida xalqaro investitsiya banki Rothschild & Co jalb etilgan.
Fitch Solutions (BMI) maʼlumotlariga ko‘ra, 2024 yilning oxirida O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari soni 35,6 million kishini tashkil etgan. Mobiuz‘ning asosiy raqobatchilari — Uztelecom, Coscom (Ucell) va Unitel (Beeline), oxirgisi Dubayda ro‘yxatdan o‘tgan Veon Ltd. kompaniyasiga tegishli.
2024 yilda Mobiuz‘ning tushumi $164 million, EBITDA ko‘rsatkichi esa $41 millionni tashkil etgan. Veon tenderda ishtirok etish borasida izoh berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonni "uzoq muddatli o‘sish uchun muhim bozor" deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, Mobiuz 2014 yilda MTS va Radioaloqa, radiotelevideniye markazi (SRRT) hamkorligida tashkil etilgan. 2016 yilda MTS loyihadan chiqib ketgan, 2018 yildan esa operatorning yagona egasi — davlatga qarashli «Raqamli ishonch» fondi bo‘lgan. 2019 yil dekabrida UMS brendi Mobiuz deb o‘zgartirilgan. Kompaniyani xususiylashtirish masalasi 2020 yildan beri muhokama qilib kelingan, ammo aynan 2025 yil 21 apreldagi Prezident farmoni uning aniq sotilish muddatini belgilab berdi.