O‘zbekiston JTTga qo‘shilish doirasida bojxona yig‘imlarining yangi stavkalarini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 31-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bojxona yig‘imlarining yangi stavkalarini tasdiqladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar bermoqda.
Mazkur hujjat O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JTT)ga a’zo bo‘lish jarayonida yig‘im stavkalarini tashkilot talablariga moslashtirish maqsadida qabul qilindi.
Xususan, tovarlarni bojxona rasmiylashtirish uchun yig‘im miqdori bojxona organlarining harakatlari bilan bog‘liq xarajatlar taxminiy qiymati asosida belgilash tartibi joriy etildi.
Shuningdek, «eksport» va «import» bojxona rejimlaridagi rasmiylashtirish uchun yig‘im stavkalari uyg‘unlashtirildi.
Ish vaqtidan tashqari tovarlarni rasmiylashtirish uchun bojxona yig‘imi miqdori 8 barobarga kamaytirildi — 2 bazaviy hisoblash miqdoridan (750 ming so‘m) 25% BHMga (93,75 ming so‘m) tushirildi.
Tovarlarni bojxona hududida va uning tashqarisida qayta ishlash rejimida rasmiylashtirish uchun yig‘im stavkalari 2 barobar kamaytirildi.
Bundan tashqari, oldindan deklaratsiyalashda yig‘im summasidan 20% chegirma berish nazarda tutilgan.
Tranzit bojxona rejimi uchun yig‘im miqdori BHMning 25% etib belgilandi.
Xalqaro kurerlik yuklari uchun yangi yig‘im joriy etildi — har bir kilogramm yuk uchun BHMning 2% (7500 so‘m). Shu bilan birga, fuqarolar uchun kalendar chorak davomida 1000 AQSH dollarigacha bo‘lgan kurerlik yuklarini bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me’yori amalda qolmoqda.