O'zbekiston hududlari va Rossiyaning Tomsk viloyati o'rtasidagi hamkorlikni jadallashtirish bo'yicha navbatdagi vazifalar belgilab olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Tomsk viloyati gubernatorining iqtisodiyot, investitsiya siyosati va mulkiy munosabatlar bo'yicha o'rinbosari Vasiliy Potyomkin bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vasiliy Potyomkin uchrashuv avvalida Tomsk viloyati vakillik delegatsiyasining shu yil aprel oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan "INNOPROM. Markaziy Osiyo" beshinchi xalqaro sanoat ko'rgazmasidagi ishtiroki davomida ko'rsatilgan mehmondo'stlik uchun O'zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
O'zbekiston hududlari va Tomsk viloyati o'rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari bo'yicha o'tkazilgan samarali uchrashuvlar va erishilgan kelishuvlar hududlararo sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.
"O'zbekiston Tomsk viloyatining asosiy tashqi iqtisodiy hamkorlaridan biri bo'lib, savdo aylanmasi bo'yicha bozor reytingida 19,3 foiz ulush bilan ikkinchi o'rinda turadi, – dedi gubernator o'rinbosari Vasiliy Potyomkin. – Shu munosabat bilan O'zbekiston bilan iqtisodiy sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish Rossiyaning ushbu mintaqasi rahbariyatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir".
O'zbekiston bosh konsuli avval erishilgan kelishuvlarni, xususan, sanoat kooperatsiyasi, neft-gaz va kimyo sanoati sohalaridagi kelishuvlarni amalda tatbiq etishga alohida e'tibor qaratdi.
Uchrashuvda "O'zkimyosanoat" va "O'zbekneftgaz" vakillarining Tomsk shahriga safarini tashkil etish, Sirdaryo viloyati hokimligi rahbariyati va O'zbekiston Energetika vazirligi hamda Tomsk viloyatining shu kabi tuzilmalari vakillari o'rtasida onlayn muzokaralar o'tkazishga kelishib olindi.
Tomsk viloyati bilan madaniy-gumanitar va ta'lim sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e'tibor qaratildi.
Xususan, Rossiya tomoni joriy yil avgust oyining ikkinchi yarmida Tomsk shahrida O'zbekistonning madaniy va turistik salohiyati taqdimotini, shuningdek, mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligiga bag'ishlangan bayram tadbirlarini o'tkazish bo'yicha Bosh konsulxona tashabbusini to'liq qo'llab-quvvatladi. Shuningdek, Rossiya tomoni Tomsk universitetlarining o'zbekistonlik talabalar uchun kvotalarini, jumladan, grant asosida oshirish imkoniyatini ko'rib chiqilishi ma'lum qildi.