O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston Respublikasidagi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasiga tashrifi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 15-iyul kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Tatariston Respublikasidagi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston fuqarolari uchun qonuniy mehnat faoliyati, xavfsiz va qulay mehnat hamda yashash sharoitlarini yaratish masalalari muhokama qilindi. Korxona rahbariyati o‘zbekistonlik mutaxassislarning salmoqli hissasini qayd etib, kelgusida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Hududda yashab mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Migratsiya qonunchiligiga rioya etish, hujjatlarni rasmiylashtirish va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari ko‘rib chiqildi.
Fuqarolarning murojaatlari va takliflari tinglanib, kundalik va boshqa muammolarni tezkor hal etish maqsadida korxona rahbariyati bilan qo‘shimcha muhokamalar o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili tomonidan axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash va millatlararo totuvlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi.