O‘zbekiston banklari aholidan 9,1 milliard dollar sotib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yil darajasida saqlanib qolib, 1,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki ma’lum qildi.
2025 yilning I-yarim yilligida banklar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasining umumiy hajmi 2024 yilning mos davriga nisbatan 24 foizga (2,8 mlrd doll) ko‘payib, 14,5 mlrd dollarni tashkil etdi.
Mazkur davrda banklar tomonidan jismoniy shaxslardan 9,1 mlrd dollar miqdoridagi yoki 2024 yilning mos davriga nisbatan 27 foizga ko‘p chet el valyutasi xarid qilingan.
Banklar tomonidan jismoniy shaxslarga sotilgan chet el valyutasi hajmi 2024 yilning mos davriga nisbatan 18 foizga o‘sib, 5,4 mlrd dollarga yetdi.
Valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining 58 foizi yoki 8,4 mlrd dollari (2024 yil I-yarim yillikka nisbatan o‘sish 16 foiz) valyuta ayirboshlash shoxobchalari, 41 foizi yoki 5,9 mlrd dollari (o‘sish 36 foiz) masofaviy xizmat ko‘rsatish (online) va qolgan 252 mln dollari (o‘sish 32 foiz) 24/7 rejimda faoliyat ko‘rsatuvchi bankomatlar orqali amalga oshirilgan.
Natijada, banklar tomonidan jismoniy shaxslardan sotib olingan chet el valyutasi hajmi ularga sotilgan valyuta hajmiga nisbatan 3,7 mlrd dollarga ko‘p bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.