Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Hukumat qarori qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan davlat buyurtmasi Maxsus elektron platforma (Platforma) orqali shakllantiriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan:
- oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasi Platformada jamlangan ma’lumotlar va mehnat bozori talabini tahlil qilish asosida aniqlanadi;
- kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 4-yillik davrga ishlab chiqilib, har yili mehnat bozorining o‘zgarish tendensiyalari, hududlarda ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini kadrlar bilan ta’minlashni inobatga olgan holda, Platformaga tegishli tuzatishlar kiritib boriladi.
- Platformaga quyidagi ma’lumotlar kiritib boriladi, jumladan:
- iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band bo‘lgan aholi soni;
- davlat va nodavlat OTMlari bitiruvchilarining o‘qishni tamomlagandan so‘ng rasman bandligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- mehnat resurslari balansi, mehnat bozorida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha bandlik darajasi haqida;
- "Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish (NEMIS)" axborot tizimida mavjud bitiruvchilar va OTMlar to‘g‘risida;
Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
- davlat buyurtmasini shakllantirishda ma’lumotlarni jamlash, qayta ishlash va buyurtmani yuqori turuvchi organlarga taqdim etish;
- ish beruvchilarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash tartibi;
- iqtisodiyot tarmoqlarini mutanosib rivojlantirib borish maqsadida davlat buyurtmasini shakllantirishda ustuvorlik beriladigan yo‘nalishlarni aniqlash.
2025-yildan 4-yillik davr uchun davlat buyurtmasi parametrlarini oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda tasdiqlash uchun ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga har yili 1-mayga qadar kiritish ta’minlanadi.