Oʻzbekiston – Fransiya: Elektrotexnika sohasida “Alstom” kompaniyasi bilan hamkorlik muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 11-12 mart kunlari Fransiyaga amalga oshirayotgan davlat tashrifi doirasida ikki davlat rasmiylari va ishbilarmon doiralari oʻrtasida biznes-forum tashkil etildi.
Mazkur tadbirda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov ishtirok etib, Fransiyaning “Alstom” kompaniyasi G‘arbiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jerom Boye bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston elektrotexnika sanoatining rivojlanishi, sohada yaratilgan qulay investitsion muhit va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Mirziyod Yunusov “Alstom” kompaniyasiga Oʻzbekistonda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflarini taqdim etdi.
“Alstom” – temir yoʻl transporti va elektr harakatlanish tizimlari sohasida dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Kompaniya innovatsion lokomotivlar, elektrovozlar va boshqa transport texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish bilan shugʻullanadi.
Tashrif doirasidagi uchrashuv ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirish, ilgʻor texnologiyalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda Oʻzbekiston elektrotexnika sanoatining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.