Navoiy viloyatidagi uran loyihasiga $214 mln investitsiya kiritiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Navoiy viloyatida joylashgan “Jongeldi” uran konlarini o‘zlashtirishning birinchi bosqichida $214 mln miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Bu haqda “Navoiyuran” davlat korxonasi xabar bermoqda.
Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, uch yil davomida uranning sanoat miqyosida qazib olinishi yo‘lga qo‘yiladi va yillik o‘rtacha ishlab chiqarish hajmi 500 tonnani tashkil etadi.
Loyihani amalga oshirish uchun Parijda fransuz kompaniyasi Orano Mining, yapon korporatsiyasi ITOCHU va “Navoiyuran” davlat korxonasi o‘rtasida uch tomonlama kelishuv imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, uran ishlab chiqarish 2025 yil oxirigacha yo‘lga qo‘yiladi va shu bilan birga boshqa qo‘shma tashabbuslar doirasida geologiya-qidiruv ishlari faollashtiriladi.
Kelishuv shartlariga muvofiq, loyihaning asosiy investorlari chet el kompaniyalari bo‘ladi, loyiha operatori sifatida esa “Navoiyuran” davlat korxonasi belgilangan. Bu qazib olish xarajatlarini kamaytirish va ishlab chiqarish jarayonini O‘zbekistonning mavjud sanoat infratuzilmasiga integratsiya qilish imkonini beradi.