Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
Moliya 09/11/2024 Markaziy bank oktyabr oyida 7 ta bankni jarimaga tortdi

Markaziy bank oktyabr oyida 7 ta bankni jarimaga tortdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan joriy yilning oktyabr oyidagi yig‘ilishlarida (8 marta) 32 ta masala ko‘rildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 16 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (4 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish (1 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatiga olish (3 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqishga doir (8 ta) masalalar ko‘rildi.

Shu bilan birga, Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijalari ham muhokama qilindi.

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Shuningdek, 2 ta to‘lov tashkiloti va 2 ta to‘lov tizimi operatori tomonidan to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori va tashkiliy-huquqiy shakliga qo‘yilgan talablar bajarilmaganligi hamda 4 ta tijorat bankida xavfsizlikni ta’minlash va avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotlarni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi sababli ularga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling