Kuala-Lumpur shahri meriyasi Toshkent va Samarqand shaharlari bilan hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini ko'rib chiqmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Kuala-Lumpur shahri meri Maymuna Moxd Sharif bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuv davomida tomonlar kreativ turizm, san'at, madaniyat, yoshlar masalalari bo'yicha qo'shma tadbirlar rejasi kelishib olishdi.
Xususan, joriy yilning sentyabr oyida Kuala-Lumpurda O'zbekiston madaniyati kunlarini tashkil etish va Malayziya madaniyati kunlarini oktyabr oyida Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida o'tkazish taklifi qo'llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, meriya ko'magida yirik turizm shahri bo'lgan Kuala-Lumpurda O'zbekistonning sayyohlik salohiyati keng targ'ib qilinadi, mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar orasida o'zbek milliy madaniyati va san'atiga bag'ishlangan tadbirlar tashkil etiladi.
O'zbekiston tomoni Kuala-Lumpurda ASEAN raisligida va "Visit Malaysia-2026" dasturi doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda o'zbek san'ati vakillari bilan birgalikda ishtirok etishga taklif qilindi.
Shuningdek, Maymuna Moxd Sharif joriy yilda bo'lib o'tadigan muhim tadbirlardan biri – "Merlar/hokimlar forumi"ga Toshkent va Samarqand shaharlari ma'muriyatlari vakillarini taklif qildi.