Valyuta kurslari 20/03/2025
$1 – 12926.51
UZS – -0,07%
€1 – 14092.48
UZS – -0,51%
₽1 – 156.00
UZS – -1,76%
Qidirish
Moliya 20/03/2025 Jahon bankining O‘zbekistondagi portfeli 4,65 milliard dollarga yetdi

Jahon bankining O‘zbekistondagi portfeli 4,65 milliard dollarga yetdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Jahon bankining moliyaviy ishtirokida mamlakatimizning muhim ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlaridagi loyihalarni amalga oshirishga mas'ul bo'lgan vazirlik va idoralar vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Hozirgi kunda Jahon bankining O‘zbekistondagi portfeli 4,65 milliard dollar atrofidagi umumiy moliyaviy majburiyatga ega 23 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Ularning katta qismi — 3,4 milliard dollar (Jahon bankining mamlakatdagi umumiy investitsiyalarining taxminan 75 foizi) Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan taqdim etilgan imtiyozli kreditlar hisobiga moliyalashtirilmoqda.

Uchrashuvda Jahon banki jamoasi hamda tegishli vazirlik va idoralar huzuridagi Loyihani amalga oshirish guruhlari (LAOG) yuqorida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, loyiha faoliyati Jahon bankining ijtimoiy va ekologik standartlariga muvofiqligini taʼminlash, boshqa loyihalar doirasidagi xarid jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha birinchi chora-tadbirlar, shuningdek, LAOGning operativ faoliyati bilan bogʻliq boshqa masalalarni muhokama qildi.

O‘zbekistonda energetika, qishloq xo‘jaligi, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, irrigatsiya, suv ta’minoti va kanalizatsiya, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, shuningdek, soliq va innovatsion tizimlarni takomillashtirish maqsadida LAOG tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.

Jahon banki hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish va fuqarolar farovonligini oshirishga hissa qo‘shadigan muhokama qilingan loyihalarning maqsad va natijalariga o‘z vaqtida va samarali erishish tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling