“ITB Berlin” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning 4-6-mart kunlari Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Djamshid Abdusalamov boshchiligida O‘zbekiston mehmonxonalar, sayyohlik agentliklari, turoperatorlar, onlayn platformalar, aviakompaniyalar va boshqa turizm sohasi mutaxassislari dunyodagi eng yirik sayyohlik ko‘rgazmasi – “ITB Berlin” (Internationale Tourismus-Börse Berlin) ishida ishtirok etdi.
Berlindagi “Messe Berlin” ko‘rgazma majmuasida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston milliy stendda 25 dan ortiq mahalliy sayyohlik tashkilotlari o‘zlarining sayyohlik xizmatlari va mahsulotlarini namoyish etdi.
Bundan tashqari, ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini xorijda targ‘ib qilish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan qator mamlakatlar turizm idoralari rahbarlari bilan 200 dan ortiq “B2B” va “B2G” uchrashuvlari o‘tkazildi.
Muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, yangi sayyohlik to‘plamlarini joriy etish va transchegaraviy yo‘nalishlarni yaratish, barqaror turizm hamda ekoturizm, sarguzasht turizm yo‘nalishlari mavzulariga alohida e’tibor qaratildi. Yevropa qit’asidan, xususan Germaniyadan sayyohlarni jalb etish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, 10 dan ortiq xorijiy OAV va media platformalar vakillari bilan ham uchrashuvlar tashkil etildi. Xorijiy tomonga O‘zbekistonning turizm salohiyati, qadimiy shaharlar, me’moriy obidalar, asosiy sayyohlik yo‘nalishlari hamda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
ITB Berlin 1966 yildan buyon o‘tkazilib kelinadigan dunyodagi eng yirik sayyohlik yarmarkasi hisoblanadi. Yarmarkada mehmonxonalar, sayyohlik kengashlari, turoperatorlar, tizim provayderlari, aviakompaniyalar va avtoulovlarni ijaraga beruvchi kompaniyalar ishtirok etadi.