Valyuta kurslari 18/07/2025
$1 – 12658.19
UZS – -0,79%
€1 – 14672.11
UZS – -1,0%
₽1 – 161.44
UZS – -1,16%
Qidirish
Iqtisod 17/07/2025 “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ 2025 yil birinchi yarim yilligidagi erishgan asosiy natijalarini eʼlon qildi

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ 2025 yil birinchi yarim yilligidagi erishgan asosiy natijalarini eʼlon qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakuni bo‘yicha 14 milliard 384 million kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va belgilangan reja – 101,5 foizga bajarildi.

Jamiyat tomonidan 2025 yilda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 17 ta investitsiya loyihalari doirasida reja bo‘yicha 701,93 million AQSH dollari o‘zlashtirilishi belgilangan.

Bunda birinchi yarim yillik uchun o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan mablag‘ 234,93 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, loyihalar doirasida amalda 286,85 million AQSH dollari o‘zlashtirildi va  birinchi yarim yillik bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 121,7 foizga bajarilishiga erishildi.

Hozirda “Toshkent shahrining issiqlik taʼminoti so‘nggi nuqtalarida joylashgan 6 ta mahallada kogeneratsiya loyihalarini amalga oshirish” investitsiya loyihasi doirasida Sergeli tumanining Bog‘bon mahallasida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Shuningdek, ayni paytda Yunusobod tumanidagi 4-son issiqlik markazi hududida 100 MVt quvvatga ega gaz-porshenli qurilmasi, Tolimarjon IESda umumiy quvvati 900 MVtdan kam bo‘lmagan va Navoiy IES da umumiy quvvati 650 MVt bo‘lgan zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari bunyod etish ishlari davom ettirilmoqda.

Korxona oldida turgan muhim vazifalardan biri - bu mahsulot tannarxini pasaytirish hisoblanadi. Shu maqsadda olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2025 yilning yanvar-iyun oylarida mahsulot tannarxi 592,2 milliard so‘mga pasaytirilib, reja 112,8 foizga bajarildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi stansiyalar va issiqlik markazlarida 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida jami 35 ta energo obyektda, shu jumladan, 3 ta energoblok, 24 ta qozon, 3 ta bug‘-gaz qurilmasi, 3 ta gaz-turbina qurilmasi, 2 ta gaz-porshen agregatlarini mukammal, o‘rta va joriy taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan.

Mavsumga tayyorgarlik joriy yilning fevral oyidan boshlangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 15 ta energoqurilmada, jumladan, 1 ta energoblok, 12 ta qozon, 2 ta gaz-porshen agregatlarida taʼmirlash ishlari yakunlandi.
10 ta energoqurilmada - bular 1 ta energoblok, 8 ta qozon va 1 ta gaz-turbina qurilmasida  - mukammal hamda o‘rta taʼmir ishlari amalga oshirilmoqda.

Rejalashtirilgan taʼmir ishlari to‘liq amalga oshirilishi natijasida energoqurilmalarning ishonchli ishlashi taʼminlanib, mavjud quvvati
89 MVt hamda qozon qurilmalarning ishlab chiqarish quvvati 45 tonna/soatga oshirilishiga erishiladi.

Bundan tashqari, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 9 ta issiqlik markazidagi 13 ta qozonlarning mukammal taʼmirlash ishlaridan tashqari 47 ta qozonlarida joriy taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

2025 yil yanvar-iyun oylarida mahalliylashtirish dasturi doirasida 19 ta loyihalar asosida 33,5 milliard so‘m qiymatida mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 36,5 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, reja ko‘rsatkichi 109 foizga bajarilishi taʼminlandi. Bunda, mahalliylashtirish dasturi ijrosi va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish natijasida import hajmi 11,9 million AQSH dollariga qisqartirilib, reja 123,1 foizga bajarildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling