Islom taraqqiyot banki vakillari bilan hamkorlikdagi loyihalar yuzasidan fikr almashildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-iyul kuni Islom taraqqiyot banki (ITB)ning mintaqaviy direktori Ali Xan Muhammad boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Olmaota shahridagi ITBning Mintaqaviy markazining loyihalarni boshqarish bo‘yicha mutaxassisi Alibek Kazangapov, ITBning O‘zbekistondagi vakili Husan Hasanov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ularning samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildi. Jumladan, transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish yo‘nalishida olib borilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy ahamiyatli hamda iqtisodiy jihatdan samarali loyihalar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, ITB bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish”, “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish”, “Kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash (SERVE)” loyihalarining amalga oshirilishi holatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar samarali hamkorlikni rivojlantirish, belgilangan maqsadlarga erishishda tizimli va jadal hamkorlik olib borish hamda o‘zaro fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.