Ish beruvchilarga to‘siq bo‘layotgan javobgarlik choralari bekor qilinadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar mehnat munosabatlari va kasbga o‘qitish tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalish va maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarning samarali, adolatli va o‘zaro manfaatli tizimini yaratish;
ish beruvchilarning ehtiyojiga muvofiq ularni malakali kadrlar bilan taʼminlash tizimini joriy etish.
2025 yil 1 sentyabrdan ish beruvchilar uchun belgilangan quyidagi talablar bekor qilinadi:
bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik;
bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish.
2025 yil 1 noyabrdan xo‘jalik yurituvchi subyektlar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:
nogironligi bo‘lgan shaxslar;
oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari;
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.
Bunda majburiy zaxiralash:
xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur;
xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Bunda:
ishsizlik nafaqasi so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida to‘lanadi;
1-oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi;
2- va 3- oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan so‘ng qo‘shimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.