Hamkorlikning yangi ufqlari: Shavkat Mirziyoyevning Parijga tashrifi yakunlari
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga uch kunlik davlat tashrifi yakunlandi. Bu ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea bo‘lib, ko‘lami va ahamiyati bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishini belgilab berdi. Tashrif doirasida siyosat, “yashil” iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va energetikadan tortib, sog‘liqni saqlash, taʼlim va madaniyat kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan 20 dan ortiq kelishuv va shartnomalar to‘plami imzolandi.
Ekspertlarning qayd etishicha, bu voqea O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida yangi sahifa ochibgina qolmay, Markaziy Osiyo va Yevropa mintaqalari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam asos yaratishda muhim bosqich bo‘ldi.
Tarifni tavsiflar ekanmiz, quyidagi asosiy jihatlarni ko‘rsatish mumkin:
Birinchidan, so‘nggi yillarda siyosiy masalada o‘zaro aloqalar tez surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga ko‘tarildi: oliy darajadagi tashriflar soni tarixiy eng yuqori darajaga yetdi. Bu 2018 yildan buyon to‘rtinchi sammit hisoblanadi, tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda, parlamentlararo aloqalar faol rivojlanyapti.
Ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi ushbu jarayonning muhim natijasi bo‘ldi. Ushbu asosiy hujjat uzoq muddatli o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi hamda Toshkent va Parijning hayotiy muhim manfaatlariga javob bergan holda, barcha sohalardagi hamkorlikni faollashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur kelishuv O‘zbekistonning xalqaro munosabatlarda ortib borayotgan rolini ko‘rsatadi. Mamlakatimiz o‘z mavqeini faol ravishda mustahkamlab, tobora muhim sherikka aylanib bormoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi strategik joylashuvi tufayli Sharq va G‘arb o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi va bu Fransiya bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ayni damda, global siyosatda kuchli mavqega ega Fransiya ham bu munosabatlarni rivojlantirishga faol hissa qo‘shmoqda. Mamlakat tarixan xalqaro huquq va gumanitar hamkorlik sohasida muhim ishtirokchilardan biri hisoblanadi. Parijda YUNESKOning bosh qarorgohi joylashgan, Strasburgda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi faoliyat yuritadi. Shuningdek, Fransiya tomoni G7 va G20 kabi nufuzli tuzilmalar ishida ham faol ishtirok etadi.
Tashrifning yorqin voqealariga aylangan yuksak darajadagi protokol tadbirlari alohida eʼtiborga sazovor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Prezident Emmanuel Makron tomonidan o‘tkazilgan tantanali marosim davlatimiz rahbariga bo‘lgan alohida hurmat-ehtiromni ko‘rsatadi.
Bunday eʼtirof – oddiy rasmiyatchilik emas, balki mamlakatlarimiz o‘rtasida shakllangan yuksak ishonch ifodasidir. Bu shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan tashqi siyosat samaradorligining yorqin tasdig‘i hamdir.
Ikkinchidan, iqtisodiy hamkorlik anʼanaviy yo‘nalishlardan yana-da texnologik sohalarga o‘zgargan holda, tubdan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Bu borada tashrif yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Innovatsiya va sanoat sherikligi dasturi muhim qadamlardan bo‘ldi. Hujjatdan ko‘zlangan maqsad – har ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish orqali uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni saqlab qolishdir.
Muhim mineral xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa tarmoqlar asosiy yo‘nalishlar qatorida belgilangan. Investitsiyalarning umumiy qiymati 6,5 milliard yevroni tashkil etadi. Bu qo‘shma loyihalar portfelini 12 milliard yevroga yetkazadi. Mazkur loyihalar Fransiyaning yetakchi banklari va investitsiya jamg‘armalari tomonidan moliyalashtiriladi.
Bu bir tomondan, Yevropa ishbilarmonlik jamiyatining yuksak ishonchini ko‘rsatsa, boshqa tomondan Fransiyaning o‘zbek iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilishda, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishda va ilg‘or texnologiyalarni ilgari surishda ishtirok etishga tayyorligini bildiradi.
Energetika sohasida imzolangan kelishuvlar alohida eʼtiborga loyiq. O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari rivojlantirishga tayangan holda, o‘z energetika balansini faol diversifikatsiya qilmoqda. Ilg‘or texnologiyalar va nou-xauga ega Fransiya bu jarayonda muhim rol o‘ynashi mumkin. Nufuzli Renewable Energy Country Attractiveness Index (RECAI) reytingiga ko‘ra, Fransiya qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlar qatoriga kiradi. Total va Voltalia kabi kompaniyalar bu sohada yirik loyihalarni amalga oshiradilar. Masalan, mamlakatimizda ilk quyosh elektr stansiyasi aynan fransuz sheriklarimiz hamkorligida bunyod etilgan.
Bo‘lib o‘tgan tashrif sherikchilikni mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi shartnomalarni olib keldi. Joriy yilning avgust oyida Toshkent viloyatida 500 kilovattli agrovoltaik loyihaning ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Shunday qilib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi hamkorlik barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam beribgina qolmay, O‘zbekistonning energetik o‘tishga bo‘lgan qatʼiy intilishini ham ko‘rsatadi.
Uchinchidan, strategik sheriklikning yana bir muhim tarkibiy qismi bo‘lgan madaniy-gumanitar soha ham ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning ajralmas qismi hisoblanadi.
O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi buning tasdig‘idir. Bu qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi akademik almashinuv va yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi. O‘quv muassasasida Fransiyaning yetakchi mutaxassislarini jalb qilgan holda taʼlim dasturlari amalga oshiriladi. Bu esa, talabalarga xalqaro darajadagi diplomlarni olish imkoniyatini taqdim etadi.
O‘zbekistonda fransuz tilini o‘qitishni kengaytirish hamda mutaxassislar va talabalar harakatchanligi to‘g‘risida imzolangan bitimlar va dasturlar ham bu boradagi salmoqli hujjatlardandir. Fransiya universitetlari muntazam ravishda dunyoning nufuzli reytinglaridan joy oladi (QS World University Rankings va THE World University Rankings) va mamlakat oliy taʼlim sohasida yetakchi hisoblanadi.
Shu bilan birga, tashrif davomida Parij shahrida Saviskiy muzeyi to‘plamidagi Markaziy Osiyo avangard sanʼat asarlari ko‘rgazmasini tashkil etish rejasi qo‘llab-quvvatlandi. Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik uchun mamlakatimizda Fransiya merosi instituti vakolatxonasini ochish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.
Bu qadamlar Fransiya hamjamiyatining O‘zbekiston madaniy merosiga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Madaniy-gumanitar sohadagi izchil muloqot xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlaydi va ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlovchi muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.
2030 yilgacha Fransiya taraqqiyot agentligi bilan imzolangan hamkorlik dasturi alohida ahamiyatga ega. Agentlik 2016 yildan buyon iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, barqaror rivojlanishni taʼminlash va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Shu tarzda, imzolangan kelishuvlar Fransiya bilan uzoq muddatli o‘zaro hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi. Kelishuvlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish maqsadida tomonlar tashqi ishlar vazirliklari boshchiligida iqtisodiy idoralarni jalb qilgan holda Strategik rejalashtirish guruhini tuzadilar.
Umuman olganda, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parijga tashrifi O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi yuksalib borayotgan ishonchni namoyish etibgina qolmay, har ikki davlatning barqaror rivoji va farovonligi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bu shuningdek, tomonlarning ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga, birgalikda global masalalarni hal etishga va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi.
Kamila Sabirova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi.