G‘alla urug‘chiligi bo‘yicha monitoringlar samarasi – 200 ming tonnadan ortiq urug‘lik don jamg‘arildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yurtimizda 2026-yil hosili uchun g‘alla ekinlari uchun mo‘ljallangan urug‘lik zaxirasini shakllantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 641-sonli qarori hamda Prezidentning 2022-yil 28-yanvardagi PQ-106-sonli qarorlariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2025-yilgi hosildan boshlab sifatli va navdor urug‘lik don yetishtirish tizimi joriy etildi. Ushbu maqsadda “Agroplatforma” axborot tizimi orqali ochiq va shaffof tanlovlar tashkil etilib, 2913 ta qishloq xo‘jaligi subyekti tanlab olinib, ularga 79 755 gektar maydon biriktirildi.
Urug‘lik ekin maydonlarida agrotexnik tadbirlar sifati, nav tozaligi va sertifikatlash mezonlari bo‘yicha monitoring ishlari olib borildi. “E-urug’” axborot tizimi orqali amalga oshirilgan aprobatsiya tadbirlari natijasida 261 ta subyektga tegishli 15,2 ming gektar maydonlar talabga javob bermaganligi sababli urug‘lik sifatida tan olinmadi va zaxiraga kiritilmadi. Ayni paytda 2613 ta subyektga tegishli 64,7 ming gektar maydonlar yaroqli deb topildi va ulardan urug‘lik don yig‘ib olish ishlari yakunlandi.
Joriy yil 14-iyul holatiga ko‘ra, Respublika bo‘ylab jami 200,3 ming tonna urug‘lik don jamg‘arildi. Bu ko‘rsatkich dastlab belgilangan rejaga nisbatan 100,1 foizlik bajarilishni anglatadi. Yig‘ilgan urug‘lik donining 47,1 foizi don korxonalarida, 36,2 foizi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tizimidagi korxonalarda, 16,4 foizi klasterlarda va 0,4 foizi Milliy markaz tizimidagi tashkilotlarda saqlanmoqda.
Hududlar kesimida olib qaralganda, eng ko‘p urug‘lik don yetishtirilgan maydonlar Farg‘ona (8178 ga), Toshkent (8001 ga), Qashqadaryo (8608 ga), Samarqand (8599 ga) va Sirdaryo (7068 ga) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu natijalar nafaqat urug‘chilik tizimidagi islohotlarning samarasi, balki qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalarning joriy qilinishi orqali erishilgan natijalar sifatida qayd etilmoqda.
Bu zaxira 2026-yil hosili uchun yuqori sifatli va sertifikatlangan g‘alla urug‘liklarini ta’minlash orqali respublika bo‘yicha barqaror hosildorlikka erishishga xizmat qiladi. Shuningdek, urug‘lik sifatini doimiy monitoring qilish va tasdiqlash tizimi orqali bozor talablari asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari kengaymoqda.
2026-yil hosili uchun urug‘lik g‘alla yetishtirish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligigа oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 641-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, 2026-yil hosili uchun urug‘lik g‘alla yetishtirishni rejalashtirayotgan qishloq xo‘jaligi subyektlari o‘rtasida tanlov e’lon qilinmoqda.
Mazkur tanlov “E-urug’” axborot platformasi orqali 2025-yil 15-iyuldan 5-avgust soat 18:00 ga qadar onlayn shaklda o‘tkaziladi. Tanlovda ishtirok etishni istagan fermer xo‘jaliklari, klasterlar, qishloq xo‘jaligi korxonalari va boshqa manfaatdor subyektlar belgilangan muddatda platformada ro‘yxatdan o‘tishlari va zarur hujjatlarni elektron tarzda yuklashlari zarur.
Tanlovning asosiy maqsadi – 2026-yil hosili uchun sifati, navdorligi va agrotexnik talablarga javob beradigan g‘alla urug‘larini yetishtirishda ishtirok etuvchi mas’ul va tajribali subyektlarni aniqlash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.
Tegishli me’yoriy hujjatlarga muvofiq, tanlov yakunida g‘olib deb topilgan subyektlarga urug‘lik g‘alla yetishtirish uchun maydonlar biriktiriladi hamda ular ustidan monitoring va aprobatsiya tadbirlari olib boriladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar va platformaga kirish bo‘yicha ko‘rsatmalar “E-urug’” axborot tizimi orqali taqdim etiladi.