Farg‘ona vodiysi fermerlari uchun agroximikatlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha genderga yo‘naltirilgan trening o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida issiqxona xo‘jaligida agroximikatlardan to‘g‘ri foydalanishni targ‘ib qilishga qaratilgan texnik treninglar o‘tkazdi. Ushbu treninglarning asosiy maqsadi inson salomatligi va atrof-muhit uchun mavjud xavflarni kamaytirish, shuningdek, ayol fermerlarning faol ishtirokini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
Ushbu tashabbus ikki xalqaro loyiha, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “O‘zbekistonda xavfli kimyoviy moddalar bilan xavfsiz muomalani ta’minlash bo‘yicha texnik yordam”, hamda Koreya Respublikasi tomonidan moliyalashtirilgan “Kelajak avlodlar uchun aqlli dehqonchilik” loyihalari doirasida amalga oshirildi.
Pestitsidlar noto‘g‘ri foydalanish zaharlanish, surunkali kasalliklar va reproduktiv salomatlikka zarar yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, bu kimyoviy moddalar atrof-muhitga ham jiddiy zarar keltiradi. Ayollar qishloq xo‘jaligi ishchi kuchining 40 foizidan ortig‘ini tashkil etib, ular issiqxona xo‘jaliklarida zararkunandalarga qarshi kurashda faol ishtirok etadilar. Shunga qaramay, ko‘plab ayollar himoya vositalari va tegishli treninglarga to‘liq kirish imkoniga ega emas.
FAO tomonidan tashkil etilgan treninglar davomida dehqonlar ruxsat etilgan kimyoviy moddalarni aniqlash, mahsulot yorliqlarini o‘qish, agroximikatlardan to‘g‘ri foydalanish va ularni saqlash bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ularga shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish tartiblari ham o‘rgatildi. Treninglarda ayollarning tajriba va fikrlariga alohida e’tibor qaratildi. Genderga sezgir yondashuv asosida xavf-xatarlar haqida ochiq muloqot olib borildi. Natijada, ko‘plab ayollar o‘z jamoalarida xavfsizlik bo‘yicha yetakchi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ishtirokchilar kimyoviy vositalardan foydalanishni kamaytirishning samarali usuli sifatida zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan boshqaruv (IPM) yondashuvini muhokama qildilar. Shuningdek, ular pestitsid qadoqlarini to‘g‘ri yo‘q qilish, birinchi yordam choralarini ko‘rish va agroximikatlar bilan ishlash bo‘yicha muhim bilimlarga ega bo‘ldilar. Guruhli muhokamalar orqali bu bilim va yechimlar mahalliy qishloq xo‘jaligi sharoitlariga qanday moslashtirilishi mumkinligi yuzasidan tajriba almashildi.
Trening sessiyalari FAOning milliy ekspertlari tomonidan olib borildi. Yakunda ishtirokchilarning bilimlari baholandi va ularga sertifikatlar topshirildi.
FAO agroximikatlardan to‘g‘ri foydalanishga doir genderga inklyuziv yondashuv asosidagi ta’lim orqali Farg‘ona vodiysida xavfsiz, sog‘lom va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shdi.