Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan «FOLUR» loyihasi doirasida hududlarda bir qancha ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur loyiha asosiy faoliaytini 2023 yildan boshlagan boʻlib, tashabbus Global ekologik jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilib, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda «Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlariga yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʻsirini baholash dasturi» (FOLUR) doirasida amalga oshirilmoqda.
Unda asosiy eʻtibor bioxilma-xillikni saqlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, natija oʻlaroq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirishga xizmat qiluvchi tuproqni himoya qiluvchi va resurs tejovchi qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini joriy etishga qaratilgan.
Shuning barobarida ekotizim degradatsiyasining oldini olish maqsadida bugʻdoy ishlab chiqarish hamda samarali yer tuzish texnologiyalari va ekologik yondashuvlar ham tadbiq etilmoqda.
Loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarining mos ravishda Qoraoʻzak, Beruniy, Urganch, Yangibozor, Qamashi va Shaxrisabz tumanlari tanlab olingan. Loyihaning asosiy maqsadi bugʻdoyga asoslangan, barqaror va inklyuziv ishlab chiqarish landshaftlari va qiymat zanjirlari uchun eng ilgʻor amaliyot hamda innovatsiyalarni joriy etishdan iborat.
FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi loyihasi milliy koordinatori Azizbek Nurbekov, oʻtgan yilgi natijalarga toʻxtalar ekan, “Oʻtgan yili aynan shu hududlar uchun 30 dona kichik issiqxonalar qurib berilgan edi. Bir yil davomida olingan natijalar benefitsiarlar tomonidan turli ekinlar yetishtirilganligini koʻrsatmoqda. Kichik issiqxonalar egalari qovun, pomidor va bodring ekinlarining koʻchatlarini yetishtirgan holda pomidor, bodring va boshqa sabzavot hamda koʻkat ekinlari yetishtirib, olingan daromad 20 mln soʻmdan 42 mln soʻmni tashkil etdi. Qolaversa, 25 dona motokultivatorlar taqdim etilgan tomorqa yer egalari esa bir yil mobaynida 20 mln soʻmgacha daromad olgani qayd etildi. Tomorqa yer egalari qabul qilinib olingan kichik issiqxonalar va motokultivatorlardan unumli foydalanganligidan kelib chiqib FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va FOLUR jamoasi tomonidan loyiha hududlaridagi tomorqa yer egalari uchun kichik issiqxonalar va motokultivatorlar olib berishga qaror qilindi”, - deya ta’kidladi.
Joriy yilning oktyabr oyida tanlab olingan hududlarda bir qancha tadbirlar oʻtkazildi va 20 nafar tomorqa yer egalariga kichik issiqxonalar qurib berildi, 25 nafar fuqaroga motokultivatorlar yetkazib berildi. Kichik issiqxona va motokultivatorlarni topshirish davomida benefisiarlar, mahalla fuqoralar yig’ini raislari va FOLUR loyihasi jamosai qatnashdi. Motokultivatorlar va yangi nav urugʻlarni topshirish davomida benefitsiarlar, MFY raislari va FOLUR loyihasi jamoasi ishtirok etdi.
Tadbir doirasida fermerlarga sabzavot ekinlarini yetishtirish uchun ekish meʻyorlari va muddatlari, almashlab ekish tizimlari, oʻgʻitlash hamda sugʻorish usullari boʻyicha
kerakli tavsiyalar berildi.
Xususan, kuz va qish oylarida havo sovuq sharoitda turli xil ziravorlar, kashnich va sarimsoq kabi ekinlar va ularning koʻchatlarini oʻstirish,bahor va yoz oylarida esa pomidor, bodring hamda koʻkat yetishtirish maqsadga muvofiqligi haqida maʻlumot berildi. Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan harakatlar yer egalariga yil davomida oʻz daromadlarini oshirishiga koʻmak berishni maqsad qilgan. Loyihaning yangi benefisiarlari FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasiga ko’mak uchun ulkan minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, fermer xoʻjaliklariga bugʻdoy urugʻlari yetkazib berilib, ilgʻor texnologiyalar orqali ekish ishlari joriy etilmoqda. Ushbu tashabbus birinchi yilgi erishilgan natijalarni inobatga olgan holda amalga oshirildi. “2023-yilning kuz oyida Qamashida 15 tonna qurgʻoqchilikka chidamli kuzgi bugʻdoyning “Qayroqtosh” navi urugʻi loyiha fermer xoʻjaliklarida 150 ga maydonga yerga ishlov berilmasdan ekilgan edi. Hosildorlik gektaridan 2-4 tonnani tashkil etgan holda fermer xoʻjaliklari daromadini oshirganligini ham ta’kidlash joizdir. 2024-yilda kuzgi bugʻdoy hosil yigʻim-terimidan soʻng loyiha fermerlari jami 15 tonna urugʻni qaytarib berishdi va bu urugʻlar tumandagi boshqa fermer xoʻjaliklariga bepul tarqatildi.
Bundan tashqari “FOLUR” loyiha jamoasi 2025 yil hosili uchun Qayroqtosh navining yuqori reproduktsiyali 5 tonna urugʻini sotib olib 5 ta fermer xoʻjaligiga yetkazib berish orqali ushbu navning toʻliq urugʻchilik tizimini tashkil etishni ham rejalashtirganmiz”-deya taʻkidladi, loyiha milliy koordinatori Aziz Nurbekov.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi loyiha tumanlarining sugʻoriladigan maydonlar uchun kuzgi bugʻdoyning shoʻrga chidamli “Davr” navidan 8 tonna yuqori reproduktsiya urugʻi 8 ta fermer xoʻjaligiga yetkazib berildi. Eʻtiborli jihati, ushbu urugʻlarning barchasi tuproqqa minimal va toʻgʻridan-toʻgʻri ekish (No-till) texnologiyalarini qoʻllagan holda ekildi.