Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
Dunyo 12/11/2024 FAO oktyabr oyida global oziq-ovqat narxlari keskin oshganini qayd etdi: bu so‘ngi 18 oy ichida eng yuqori ko‘rsatkich

FAO oktyabr oyida global oziq-ovqat narxlari keskin oshganini qayd etdi: bu so‘ngi 18 oy ichida eng yuqori ko‘rsatkich

(photo FAO)

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hisobotiga ko‘ra jahon oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oktyabr oyida so‘ngi 18 oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Bu, asosan, o‘simlik moylari narxining keskin ko‘tarilishi bilan bog‘liqdir.

FAO Oziq-ovqat Narxlari Indeksi (xalqaro bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxidagi oylik o'zgarishlarni kuzatib boruvchi indeks) oktyabr oyida 127,4 ballni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich sentyabr oyiga nisbatan 2,0 foiz va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,5 foizga yuqori bo‘lsada, 2022 yil mart oyidagi eng yuqori ko‘rsatkichdan hozircha 20,5 foiz pastroqdir.

Narxlarning asosiy oshishiga sabab bo‘lgan FAO o‘simlik moylari indeksi oktyabr oyida 7,3 foizga ko‘tarilib, so‘ngi ikki yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi, bunga palma, soya, kungaboqar va raps moylari narxlarining oshishi sabab bo'ldi.
Shuningdek, FAO don narxlari indeksi ham 0,9 foizga o‘sdi, bu bug‘doy va makkajo‘xori eksport narxlarining oshishiga bog‘liqligi bilan izohlangan. 

Makkajo'xorining dunyo narxlari ham ko'tarildi, bunga qisman ichki talabning yuqoriligi va Braziliyadagi daryo sathining pastligi tufayli transport muammolari sabab bo'ldi. Aksincha, barcha guruch narxlari indeksi oktyabr oyida 5,6 foizga pasaydi.

FAOning shakar narxlari indeksining o‘rtacha qiymati oktyabr oyida ketma-ket ikkinchi oyga o‘sib, 129,6 punktni tashkil etdi, bu sentyabr oyidagidan 3,3 punktga (2,6 foizga) yuqori; ammo baribir o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 29,6 punktga (18,6 foizga) past.

Braziliyada 2024–2025 yilgi mavsumda davom etayotgan qurg‘oqchilik sharoitida ishlab chiqarish istiqbollari bo‘yicha xavotirlar saqlanib qolayotgani sababli oktyabr oyida shakar narxlari o‘sdi. Bundan tashqari, jahon bozorida neft narxlarining o‘sishi Braziliyada etanol ishlab chiqarish uchun shakarqamishni ko‘proq ishlatishga olib keldi va bu ham shakar narxlari o‘sishiga ta’sir qildi.

FAO sut mahsulotlari narxlari indeksi oktyabr oyida 1,9 foizga oshib, o'tgan yilgiga nisbatan 21,4 foizga yuqori bo'ldi. Bu o'sish asosan xalqaro miqyosda pishloq va sariyog' narxlarining oshishi bilan bog'liq bo'lsa, quruq sut narxlari pasayishda davom etdi.

FAO go‘sht narxlari indeksining o‘rtacha qiymati oktyabr oyida 120,4 punktni tashkil etdi, bu sentabr oyiga nisbatan 0,3 foizga past, lekin o‘tgan yildagidan 8,4 punktga (7,5 foizga) yuqori. Eng katta pasayish cho'chqa go‘shti narxlarida kuzatildi, bu G‘arbiy Yevropada cho‘chqa go‘shtiga talabning sustligi bilan izohlanadi. Jahon parranda go'shti narxi oktyabr oyida biroz tushgan bo'lsa, qo'y go'shti narxi barqaror bo'ldi. Shu bilan birga, qoramol go'shti narxi xalqaro xaridlarning ortishi tufayli o'rtacha o'sdi.

2024/25 yillarga yangilangan bashoratlar guruch va bug'doy ishlab chiqarishining ko'payishini, makkajo'xori ishlab chiqarishining esa pasayishini ko'rsatmoqda

FAO tomonidan e’lon qilingan Don taklifi va talabi bo‘yicha ma’lumotnoma va oktyabr oyi hisobotiga ko'ra, 2024 yilda global don ishlab chiqarishi o'tgan yilga nisbatan taxminan 0,4 foizga kamayib, 2 848 million tonnani tashkil qiladi, bu tarixda ikkinchi yirik natijadir.

Osiyoda ekin maydonlarining kengayishi va qulay ob-havo sharoitlari tufayli dunyo bo‘yicha bug‘doy ishlab chiqarishning o‘sishi kutilmoqda. Bu o‘sish Yevropadagi yirik ishlab chiqaruvchilarning sezilarli qisqarishini to‘ldiradi. Shu bilan birga, 2024/25 yilgi mavsumda jahon guruch ishlab chiqarishi rekord darajada 538,9 million tonnaga yetishi mumkin.

Jahon don iste'moli 2024/25 yilda 0,5 foizga o'sib, umumiy 2 857 million tonnaga yetishi kutilmoqda, bu asosan guruch va bug'doyning oziq-ovqat iste'molidagi o‘sish bilan izohlanadi. Global don zaxiralari 0,6 foizga oshib, 889 million tonnaga yetishi kutilmoqda, bunda asosan guruch zaxiralari kengayishi kutilmoqda. Bu o'sish global donning zahira-istе'mol nisbati 30,6 foizga, ya'ni so'ngi besh va o‘n yillik o‘rtacha darajalariga yaqinlashishiga olib keladi.

Don bo'yicha xalqaro savdo hajmi 485 million tonna miqdorida bashorat qilinmoqda, bu esa 2023/24 yil darajasidan 3,9 foizga pasayishini anglatadi. Jahon bo‘yicha guruch savdosi oshishi kutilmoqda, bug‘doy va yirik donlar savdosi esa kamayadi.

FAO qoshidagi Qishloq xo'jaligi Bozor Ma'lumotlari Tizimi (The Agricultural Market Information System AMIS) ham juma kuni o‘zining oylik Bozor Monitori hisobotini chiqarib, muntazam tahlildan tashqari, 2007 yildan beri asosiy qishloq xo‘jalik mahsulotlariga eksport cheklovlari evolyutsiyasini tahlil qiluvchi yangi ma’lumotlarni taqdim etdi.

45 ta mamlakat oziq-ovqat bo‘yicha tashqi yordamga muhtoj, besh mamlakat keskin oziq-ovqat xavfsizligi inqiroziga duch kelmoqda
FAOning Global Axborot va Erta Ogohlantirish Tizimi (Global Information and Early Warning System-GIEWS)
tomonidan chop etilgan Hosil bashoratlari va oziq-ovqat holati (Crop Prospects and Food Situation) hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab taxminan 45 ta mamlakat oziq-ovqat bo‘yicha tashqi yordamga muhtoj deb baholangan.

Ushbu hisobotda mamlakatlardagi mavjud sharoitlar haqida ma’lumotlar berilgan. Bu mamlakatlar orasida Afrikadagi 33 mamlakat, Osiyodagi to‘qqiz mamlakat, Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasidagi ikkita mamlakat hamda Yevropadagi bitta mamlakat bor.

Nizo va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar oziq-ovqat tanqisligining asosiy sabablari sifatida qayd etilgan bo‘lib, 2024 yilda G‘azo sektori, Gaiti, Mali va Sudanda aholining oziq-ovqat xavfsizligi inqiroziga duch kelishi kutilmoqda.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling