Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 16/11/2024 Energiya ta’minoti bo‘yicha bajarilgan ishlar va rejalar ko‘rib chiqildi

Energiya ta’minoti bo‘yicha bajarilgan ishlar va rejalar ko‘rib chiqildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan uzluksiz ta’minlash, soha korxonalarida samaradorlikni oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu borada 10-iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida vazifalar belgilangan edi. Mutasaddilar shu asnoda amalga oshirilgan ishlar, kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik to‘g‘risida axborot berdi.

Qayd etilganidek, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sib borayotgan talabiga mos hajmda gaz yetkazib berilmoqda. Tarmoqlar modernizatsiya qilinayotgani, iqtisodiyotda energiya samaradorlik oshirilayotgani natijasida yo‘qotishlar kamaymoqda. Masalan, so‘nggi yillarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun gaz sarfi 1,6 barobar kamaygan.

Oldinda yana ko‘p vazifalar bor. Hozirgi mavsum va kelgusi yillarda aholini energiya manbalari bilan barqaror ta’minlash, buning uchun yetarli zaxira tayyorlash zarur.

Yig‘ilishda shu masalalar tarmoqlar kesimida muhokama qilindi.

Bu yil qish mavsumida iste’molchilarga 21 milliard kub metr gaz yetkazib berish hisob-kitob qilingan. Havo harorati keskin tushib ketsa, aholi ehtiyoji yanada oshadi. Mutasaddilar bu boradagi rejalarni oyma-oy va tumanlar kesimida bayon etdi.

Ijtimoiy muassasalar va korxonalarni energiya bilan uzluksiz ta’minlash uchun alohida zaxira inobatga olingan. Ushbu tabiiy gazni issiqlik elektr stansiyalari, kimyo va metallurgiya korxonalari, gaz quyish shoxobchalariga manzilli yetkazish bo‘yicha tizim tashkil etilgan.

Tarmoqlarda gaz hisobi va nazorati bo‘yicha boshlangan ishlarni qat’iy davom ettirib, yo‘qotishlarni yanada kamaytirish mumkinligi ta’kidlandi. Andijon, Navoiy va Toshkent viloyatlarida gazni tejash bo‘yicha aniqlangan imkoniyatlarni boshqa hududlarda ham amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga ishni tuman va mahallalar miqyosida tashkil etib, energiya ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni joyida hal qilish, talab va iste’molni muvofiqlashtirib, uzilishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Yig‘ilishda gaz sohasidagi transformatsiya jarayonlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Tarmoq korxonalari xalqaro moliya bozoriga chiqib, modernizatsiya uchun mablag‘larni mustaqil jalb etishi belgilandi.

Gaz tarmoqlarini yangilash va tartibga solishda eng katta imkoniyat – raqamlashtirish va xususiy sheriklik. Shu nuqtayi nazardan, tarmoqqa xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Prezident har bir tarmoq va uning korxonalari kesimida tannarxni kamaytirish, xarajatni maqbullashtirish va transformatsiya jarayonini tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb etib, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish muhimligi aytildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling