Eldor Aripov: O‘zbekiston dinlararo muloqotning rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 10/09/2025
$1 – 12355.14
UZS – -0,68%
€1 – 14539.53
UZS – -0,3%
₽1 – 148.48
UZS – -2,23%
Qidirish
Eldor Aripov: O‘zbekiston dinlararo muloqotning rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda

Eldor Aripov: O‘zbekiston dinlararo muloqotning rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda

Eldor Aripov: O‘zbekiston dinlararo muloqotning rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun Toshkentda "Deklaratsiyalar muloqoti" II xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov o’zining kirish so‘zida dunyoning ko‘plab burchaklarida konfessiyalararo ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir sharoitda Forum turli diniy qarashlarga ega bo‘lgan odamlarni o‘zaro hurmat, vijdon erkinligi va bag‘rikenglik madaniyatini qaror toptirish yo‘lida birlashtiradigan noyob maydonga aylanayotganini ta’kidladi.

U joriy forum 2022-yilda boshlangan tashabbusning davomi bo‘lib, uning natijasi sifatida BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida tan olingan Buxoro deklaratsiyasi qabul qilinganini eslatib o‘tdi.

 

Tadbirning maqsadlari xususida so‘z yuritarkan, ekspert Forumning asosiy vazifasi ma’rifat va bag‘rikenglik madaniyati g‘oyalarini ilgari surishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iboratligiga e’tibor qaratdi. "Forumimizni aynan “Muloqot” deb atashimiz ramziy ma’no kasb etadi. Chunki deklaratsiyalar so‘zlar kuch-qudrat kasb etganda va niyatlar umumiy yo‘nalishga aylangandagina vujudga keladi. Biroq bunga olib boradigan yo‘l har doim ishonchli suhbatdan boshlanadi, undan esa tashabbuslar, loyihalar va hamkorliklar yetishib chiqadi," - dedi u.

Bu fikrni davom ettirib, E.Aripov shunday yondashuvlar bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan ko‘p jihatdan uyg‘un ekanligini ta’kidladi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan "Yangi O‘zbekiston" ni barpo etish strategiyasi doirasida inson huquqlarini himoya qilish, jumladan, e’tiqod erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

SMTI rahbarining ta’kidlashicha, bu masalaga jamiyatning barqaror rivojlanishining poydevori sifatida qaralmoqda. Bu borada so‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy sohada jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasining "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

Diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi. Bundan tashqari, Haj ziyoratini amalga oshirish uchun ajratilgan kvotalar ikki barobarga ko‘paytirildi, shuningdek, qo‘shimcha ravishda yana 3 ta oliy islom ta’lim muassasasi ochildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston vijdon erkinligi kafolati radikallashuv va diniy asosdagi mojarolar xavfini kamaytirishiga ishonadi. Davlat ham bunga hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashning asosiy omili sifatida qaraydi.

So‘zining yakunida SMTI direktori forum doirasidagi muloqot tinchlik va hamjihatlik muhitini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishiga, Forumning yakuniy hujjati esa umuminsoniy qadriyatlarni global darajada ilgari surishga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Forum SMTI tomonidan Amerikaning "Love Your Neighbor Community" (LYNC) nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.

Unda AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Markaziy Osiyo davlatlari kabi 15 ta davlatdan 50 ga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotshunos, ekspert va yuqori martabali shaxslar ishtirok etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling