Valyuta kurslari 26/08/2025
$1 – 12305.80
UZS – -0,42%
€1 – 14389.17
UZS – 0,41%
₽1 – 152.56
UZS – -0,61%
Qidirish
O‘zbekiston 26/08/2025 Dori vositalari va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi xalqaro talablarga moslashtiriladi

Dori vositalari va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi xalqaro talablarga moslashtiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning muomalasi quyidagicha tartibda amalga oshiriladi:

tibbiy buyum va tibbiy texnikalar tibbiy jihozlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi;

tibbiy jihozlar inson hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan ehtimoli yuqori xavflarni hisobga olgan holda 4 ta xavfsizlik darajasiga ko‘ra tasniflanadi;

tibbiy jihozlar klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Shuningdek, dori vositalari va tibbiy jihozlar uchun muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda quyidagilar talab qilinadi:

dori vositalari uchun – 2027 yil 1 yanvardan ishlab chiqaruvchining dori vositalari turiga “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikati;

tibbiy jihozlar uchun – 2027 yil 1 iyuldan ishlab chiqaruvchining “ISO: 13485” milliy standartiga muvofiqlik sertifikati.

2026 yil 1 yanvardan:

mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish uchun “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatiga ega bo‘lishi talab etiladi;

dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalariga ko‘ra mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarga amal qilish muddati 5 yil bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi beriladi.

Bunda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ilgari muddatsiz berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalarining amal qilish muddati mazkur Farmon kuchga kirgan sanadan eʼtiboran 5 yil etib belgilanadi;

dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqarish ularning huquq egasining buyurtmasi asosida tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar tomonidan shartnoma orqali amalga oshirilishi mumkin;

tibbiy jihozlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya talabi bekor qilinib, ushbu faoliyat vakolatli organni xabardor qilish orqali amalga oshiriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling