Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
Iqtisod 06/11/2024 Davlat-xususiy sheriklik dasturlari yuzasidan fikr almashinuvlar o‘tkazildi

Davlat-xususiy sheriklik dasturlari yuzasidan fikr almashinuvlar o‘tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 4-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Turkmaniston Respublikasi hukumati va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari ishtirokida Turkmaniston uchun O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik dasturlari bo‘yicha maslahatlashuv va tajriba almashish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasining Iqtisodiy rivojlanish departamenti bo‘lim boshlig‘i Serdar Ashyrov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish departamenti direktori Ilhom Umrzakov, OTBning xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha katta mutaxassisi Dmitriy Kabrelyan va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Muloqot davomida davlat-xususiy sheriklik sohasida O‘zbekiston tajribasi, xususan, 2019-yildan boshlab sohada amalga oshirilgan loyihalar va ularning natijalari, DXSh dasturlarini rivojlantirishda shakllantirilgan normativ-huquqiy baza, hozirda DXSh yo‘nalishida O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik olib borayotgan xalqaro hamkorlar va ularning ahamiyati, shuningdek, DXSh loyihalarini ishlab chiqish jarayonlari va ularning asosiy tarkibiy qismlari hamda e’tibor berilishi zarur bo‘lgan asosiy jihatlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Shu bilan birga, muhokamalar davomida tomonlar mamlakatimizda soliq boshqaruvi sohasida amalga oshirilgan ishlar, xususan, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan muhit va tadbirkorlar uchun berilgan yengilliklar yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda fikr va tajriba almashinuv jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling