Davlat budjetining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi ko‘rib chiqildi — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 10/09/2025
$1 – 12355.14
UZS – -0,68%
€1 – 14539.53
UZS – -0,3%
₽1 – 148.48
UZS – -2,23%
Qidirish
Davlat budjetining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi ko‘rib chiqildi

Davlat budjetining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi ko‘rib chiqildi

Davlat budjetining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi ko‘rib chiqildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.

Unda Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa vazirlik, idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qo‘chqorov taqdim etdi.

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi yalpi majlisga qadar barcha fraksiyalar va qo‘mitalarda dastlabki tarzda atroflicha ko‘rib chiqildi. Muhokamalar davomida 60 dan ortiq masalalar ko‘tarildi. Deputatlarning savollariga batafsil javoblar berildi. Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha xalq vakillarining taklif va tavsiyalari eshitildi. Bunday amaliyot davlat boshqaruvi organlari o‘rtasida shaffoflik va ochiqlik tamoyillarini qat’iy ta’minlamoqda. Hisobdor ijro hokimiyati va parlament nazorati institutlarining amalda izchil tatbiq etilayotganidan dalolatdir.

Jahon iqtisodiyotidagi o‘zgaruvchanlik va yuqori noaniqlik sharoitida, hududlarda aholi bandligi va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha choralar hamda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foiz, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foiz, bozor xizmatlari 13,3 foiz, qurilish ishlari 10,7 foiz va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish 4,0 foizga oshgan. Asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 273,4 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga o‘sgani mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sish jarayonlari davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholining real daromadlari 9,5 foizga oshib, aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati natijasida hamkor davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar yanada mustahkamlanmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 37,0 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,1 foizga oshgan.

Hisobot davrida Davlat budjeti daromadlari 103,4 foizga bajarilgani hamda xarajatlar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari 96,8 foizni tashkil qilgani budjet barqarorligi ta’minlanganidan dalolat bermoqda.

Majlisda deputatlar O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish hamda budjet barqarorligi ta’minlanganini ijobiy baholab, erishilgan natijalar Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari hamda yirik investorlar tomonidan keng e’tirof etilayotganini qayd etdilar.

Ta’kidlanganidek, 2025-yilning birinchi yarim yilligida Davlat budjeti daromadlari 144,2 trln. so‘mni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga oshgan va deyarli barcha soliq turlari bo‘yicha belgilangan reja ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilgan.

Davlat budjetining xarajatlari esa hisobot davrida 173,3 trln. so‘mni tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 16,0 foizga o‘sgan. Bunda, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, aholi turmush darajasini oshirish hamda fuqarolar uchun munosib sharoitlar yaratish davlat moliyaviy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida saqlanib qolayotgani deputatlar tomonidan alohida e’tirof etildi. Buni sohaga ajratilayotgan mablag‘lar hajmining yildan-yilga oshib borayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida ijtimoiy xarajatlar uchun Davlat budjetidan 86,2 trln. so‘m yoki 2024-yilning mos davriga nisbatan 12,1 trln. so‘mga ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu esa jami xarajatlarning 49,8 foizini tashkil etadi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2025-yilning birinchi yarim yilligida qo‘shilgan qiymat solig‘idan manfiy farqni qoplash uchun soliq to‘lovchilarga 12,1 trln. so‘m miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i summalari qaytarilgan. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini “soya”dan chiqarish hamda legallashtirish choralari ko‘rilgani natijasida hisobot davri yakunida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 230,4 mingtani tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 7,7 mingtaga yoki 3,4 foizga oshgan.

Muhokamalarda deputatlar tomonidan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida “og‘ir” toifaga kiritilgan 205 ta mahallada umumiy qiymati 326 mlrd. so‘mlik 247 ta loyiha g‘olib bo‘lganligi natijasida, 114 ta ichki yo‘llarni ta’mirlash, 73 ta maktab hamda 24 ta tibbiyot tashkilotlarini ta’mirlash va jihozlash kabi loyihalarga mablag‘lar yo‘naltirilgani ijobiy baholandi.

Deputatlar erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligiga ham tanqidiy baho bergan holda o‘z munosabatlarini bildirdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmaganlik holatlariga ham e’tibor qaratishdi. Bugungi kunda “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq tizimini soddalashtirish, raqamlashtirish va davlat xizmatlarini elektronlashtirishni jadallashtirish ishlarini davom ettirish, iqtisodiyot tarmoqlarida yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish orqali tarmoqlarni tarkibiy o‘zgarishlar (diversifikatsiya) qilishni davom ettirish lozimligi qayd etildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bilan bog‘liq ayrim masalalar yuzasidan e’tirozlarini bildirdilar. Xususan, bugungi kunda dunyoda kam sonli davlatlar zimmasiga oladigan sog‘liqni saqlash sohasiga davlatimiz tomonidan yetarlicha mablag‘lar ajratilayotgani qayd etilgan holda, onkologiya hamda endokrinologiya kasalliklari uchun ajratilgan mablag‘larni o‘z vaqtida o‘zlashtirishda mutasaddilar, mas’ul vazirliklar mas’uliyatini oshirish zarurligi, aks holda, bu islohotlar natijadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladilar.

Parlamentdagi muxolif fraksiya — O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash uchun Davlat budjetidan yetarli darajada mablag‘lar ajratilayotgani, lekin ayrim vazirlik va tashkilotlarning harakatsizligi natijasida ajratilgan mablag‘lar o‘z vaqtida o‘zlashtirilmay qolayotganini ta’kidladi. Bu borada Hukumat kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi vazirliklarga tegishli choralar ko‘rishi hamda yil yakuniga qadar loyihalarni yakuniga yetkazish bo‘yicha aniq nazorat rejalari ishlab chiqishi lozim, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi hududlarda sog‘liqni saqlash tizimini yanada yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish va qishloq joylarida kadrlar yetishmasligi kabi muammolar hamon dolzarb bo‘lib qolayotganini qayd etib, tibbiyot muassasalarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, mahalliy budjetlarning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ijtimoiy sohani davlat-xususiy sherikchilik asosida rivojlantirishga doir bir qator takliflarni ilgari surdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishni resurs va energiya tejamkorlika asoslangan “Yashil rivojlanish” modeliga o‘tishga yo‘naltirilganini eng to‘g‘ri yo‘l, deb baholadilar. Shu bilan birga, ajratilishi rejalashtirilgan mablag‘larni to‘liq moliyalashtirish, sarflanadigan mablag‘lar samaradorligiga e’tibor qaratish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi. Buning ijrosini joylarda bevosita samaradorligini o‘rganish, bu borada parlament nazoratini kuchaytirish lozimligi ham qayd etildi.

Majlisda mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng, deputatlar Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qildilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling