Chirchiqda Janubiy Koreyaning IOTA Co Ltd kompaniyasi hamkorligida butlovchi qismlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi arafasida Chirchiq shahrida yangi tashkil etilgan IOTA JH Co korxonasi bazasida zamonaviy avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur loyiha “O‘zavtosanoat” AJ va Janubiy Koreyaning IOTA Co Ltd kompaniyasi o‘rtasidagi strategik hamkorlik doirasida amalga oshirildi. 2024-yilning aprel oyida avtomobil konditsioner tizimi uchun quvurlar va shlanglarni mahalliylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Kelishuvni izchil rivojlantirish maqsadida IOTA Co Ltd kompaniyasi yangi korxona barpo etishga 6,1 million AQSh dollari sarmoya yo‘naltirdi.
Yangi ishlab chiqarish maydonchasi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish liniyalari hamda Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy sinov uskunalari bilan jihozlangan. Korxonaning kunlik ishlab chiqarish quvvati konditsioner tizimi uchun 2400 dona quvur va shlangni tashkil etadi, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 110 mlrd so‘m miqdorida etib belgilangan. Loyihaning amalga oshirilishi “UzAuto Motors” AJning avtomobil konditsioner tizimi butlovchi qisimlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash, import hajmini qisqartirish, logistika xarajatlarini optimallashtirish hamda avtomobil sanoatida mahalliylashtirish darajasini oshirish imkonini beradi.
Korxonada 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi, bu Chirchiq shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur ishlab chiqarishning ishga tushirilishi respublikada muhandislik imkoniyatlarini kengaytirish hamda sanoat salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Korxonaning yaqin kelajakdagi rejalari orasida BYD va KIA avtomobillari uchun shunga o‘xshash mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ham o'rin olgan.
“O‘zavtosanoat” AJ avtomobil sanoatida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirish borasida tizimli faoliyatini davom ettiradi.