Valyuta kurslari 28/03/2025
$1 – 12913.19
UZS – 0,03%
€1 – 13908.80
UZS – -0,19%
₽1 – 154.17
UZS – 0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 28/03/2025 Buxoroda ayollarning O‘zbekiston ekologik taraqqiyotidagi o‘rni muhokama qilindi

Buxoroda ayollarning O‘zbekiston ekologik taraqqiyotidagi o‘rni muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26 mart kuni Buxoro viloyatida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Buxoro viloyati hokimligi tashabbusi bilan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Xotin-qizlar ekologik faollik sari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda 400 nafardan ortiq qatnashchilar, jumladan Ilmiy jamoatchilik, xalqaro tashkilotlar vakillari, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti rahbari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Ayol maʼrifati” jamoatchilik kengashi hamda “Oqila ayollar” harakati aʼzolari, hamkor tashkilotlar masʼullari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarlari, tuman-shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari ishtirok etishdi.

“Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasidagi mazkur    tadbirning asosiy qismi - Buxoro tumanidagi “VARNET” majmuasida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  “Har bir xonadon, har bir oila, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo‘shishi kerak!” degan daʼvatlariga monand muhim mavzular muhokama qilindi.

Unda soha masʼullari, nazariyotchi va amaliyotchi olimlar, ilmiy tadqiqotchilar tomonidan quyidagi masalalar keng muhokama qilindi:

Aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish, yashil hududlar barpo etish, suvni tejash, atrof-muhitni ozoda saqlash, tabiiy borliqni asrashga onalik hissi bilan qarash, “Oila bog‘lari”ni barpo etish kabi tashabbuslar, shuningdek, Taraqqiyot strategiyasida respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazishga hissa qo‘shish;

ekofaol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi, xususan, sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish; oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish; suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish;

oila daromadlarini oshirish maqsadida qishloq xo‘jaligida ilg‘or innovatsion texnologiyalarni yaratish tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash, jismoniy shaxslarning novatorlik g‘oyalarini aholining tomorqa yer uchastkalarida tomorqa yer egalarini sifatli urug‘lar va ko‘chatlar bilan taʼminlash hamda ularga tomorqa yo‘nalishi bo‘yicha agroxizmatlar ko‘rsatish ishlariga hissa qo‘shish;

tomorqa yer egalari uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar berish;

qishloq xo‘jaligi, shu jumladan, tomorqachilikni takom illashtirish sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan ayol tadqiqotchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash.

Shuningdek, anjuman doirasida olima va ixtirochi xotin-qizlarning ilmiy ishlanmalari, tomorqadan daromad topayotgan ayollarning mahsulotlari ko‘rgazmasi, gulchilik, ko‘chat ko‘paytirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilindi.

Hamkor tashkilotlar masʼullarining, shuningdek, soha olimlari va mutaxassislarning, BMT  Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) milliy loyiha boshqaruvchisining O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ijroiya Qo‘mitasi raisining maʼruzalari  hamda FAOning Buxoro viloyatida amalga oshirgan loyihasi benefitsiari M.Hamroyevaning xonadonda kichik issiqxonalardan samarali foydalanish bo‘yicha tajribasi yuzasidan taqdimotlari, jami turli mavzulardagi 10 dan ortiq maʼruzalar tinglandi, muhokamalar o‘tkazildi, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Muhim tavsiyalardan biri - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan  25 martdan 25 aprelga qadar  oilalar va mahallalarda va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash maqsadida  “Yaqin qo‘shnimga, yaqin o‘rtog‘imga 5 tup ko‘chat, 5 tup gul va kitoblar sovg‘a qilaman!” dolzarb bir oylik loyihasi o‘zaro hamkorlikda tashkil qilinadigan bo‘ldi.

Anjuman doirasida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi konsultanti tomonidan daraxt ekish va uning qoidalari, ekilgan daraxtlarning  atrof-muhitga ijobiy taʼsiri, tomorqadan, issiqxonalardan samarali foydalanish tartiblari bo‘yicha mahorat darslari o‘tildi.

Mashg‘ulotlarda  qonunchilikka ko‘ra, uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta ko‘chatlarini (nihol) yetishtirish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) hisoblanishi targ‘ib etildi. Bundan tashqari, sinov tariqasida o‘rmon xo‘jaliklari hududida ko‘chat yetishtirish, ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, o‘rmonzorlar barpo etish ishlari autsorsing asosida jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etgan holda amalga oshirish, ko‘chatchilikni rivojlantirish, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini ko‘paytirish yuzasidan maslahatlar beriladi.

Anjumanning amaliy qismi Buxoro tumanidagi “Istiqbol” mahallasida 1 gektar maydonda “Oila bog‘i” barpo etish bilan davom etdi. 50 tup Buxoro iqlimiga mos bo‘lgan noyob chinnigujum daraxti ko‘chati va 300 tup boshqa daraxt turlari ko‘chati  ekildi.

Mahallada tomorqa mahsulotlari ko‘rgazmasi, sabzavot va gul savdo-yarmarkasi, folklor ansambli chiqishi, mushoiralar, bahru bayt, kitobxonlik  targ‘iboti (kitob sovg‘a qilish), “Qizlar sayli”, “Sumalak sayli”, “Asal ko‘rgazmasi” kabi biri ikkinchisidan qiziq tadbirlar ishtirokchilarda juda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, Buxoro shahridagi 5-maktabgacha taʼlim muassasasida “Men

ekologik faol bo‘laman” mavzusida maʼrifiy tadbir o‘tkazildi. Bir paytning o‘zida Buxoro davlat texnika universitetida “Yashil tarbiyadan yashil ixtirolargacha, yashil taraqqiyotda ayollarning o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Buxoro shahridagi “Otbozor” mahallasida Rozikov Kosim va Raxmonova Xursandlar xonadoniga tashrif (issiqxonada pomidor, qand lavlagi yetishtiriladi, chorvachilik, baliqchilik) Zabiyev Umid va Fozilova Lolalar xonadoniga tashrif (oilaviy issiqxonada sabzavot yetishtiriladi)lar uyushtirildi.

Jarayonda Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Maxkamova tomonidan taʼkidlanganidek, Onalar bog‘ barpo etgan joylarda, “Oila bog‘i” qad rostlagan manzillarda farzandlar ham albatta, ona tabiatga mehrli bo‘ladi, ularda ekologik madaniyat yuksaladi, ekologik qadriyatlar eʼzozlanadi,  tabiatni asrab-avaylashga intilish, tashabbuskorlik, mehnatsevarlik ko‘nikmalari shakllanadi.

Bugun anjumanda muhokama qilingan masalalar asosida belgilangan vazifalar bir kunlik yoki qisqa muddat nazarda tutilgan kampaniya emas,  balki uzoq muddatli strategik ahamiyatga molik doimiy harakatga aylanishi taʼkidlandi.

Zero, ayollar, onalar ekologiyani asrash, atrof-muhitni muhofazalashdek shiddatkor islohotlarda albatta faol ishtirok etishi zarurligi, bu nafaqat daraxt, gul ekish, bog‘lar barpo etish, balki ekologiyaning barcha yo‘nalishlari, jumladan:

-  toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va suvni tejash madaniyatini singdirish;

-  xavfsiz oziq-ovqat isteʼmoli, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish;

-  iqlim o‘zgarishi, havo sifatini yaxshilash va Orol dengizining qurishi oqibatlariga qarshi kurashish,

-  infratuzilmani yaxshilash,

-  chiqindilarni kamaytirish yoki aholiga chiqindini tashlash madaniyatini singdirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ilgari surish.

Ko‘rinib turibdiki, oilalarda ekologik madaniyatni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatni asrab-avaylash sohasidagi intellektual va ilmiy salohiyatdan to‘liq foydalanish darajasini ko‘tarish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega.

Anjuman ishtirokchilari, xususan, ilmiy jamoatchilik butun mamlakat xotin-qizlarini ekofaollikka chorladi va sayyoramizdagi global ekologik muammolarni muhokama qildilar.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling