Bolgariyada o‘zbekistonlik fuqaro ukrainalik qizni cho‘kishdan qutqarish vaqtida halok bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 7 avgust kuni Bolgariyaning Sozopol shahridagi Kavatsite sohilida Ukraina fuqarosini cho‘kishdan qutqarishga uringan O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida yashovchi, 2003 yil tug‘ilgan J.M. ismli yigit suvda qiyin ahvolga tushgan ukrainalik qizga yordam berishga harakat qilgan. Ammo kuchli to‘lqinlar taʼsirida boshqaruvni yo‘qotib, yirik suvosti toshlari orasida qolib ketgan.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi va Bolgariyadagi Faxriy konsulligi hozirda mazkur davlatning huquqni muhofaza qilish organlari, mahalliy qutqaruv xizmatlari hamda Bolgariya Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan doimiy aloqada ish olib bormoqda.
Burgas viloyati, Sozopol shahar hokimiyati va FVB tomonidan berilgan so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda dengizda kuchli to‘lqinlar davom etayotgani sababli marhum jasadini qoyatoshlar orasidan olib chiqish ishlari hali ham davom etmoqda.
Maʼlum qilinishicha, Bosh konsulxona bu vaziyatni to‘liq nazoratga olgan.