Bolalarning ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi.
Qonun loyihasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalarini yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda muqobil joylashtirish shakllariga berish borasidagi vakolatlari belgilanmoqda.
Bolalarga tarbiya, ta’lim berish va sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha mas’ul shaxslarga o‘z majburiyatlarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, vasiy yoki homiyni belgilash vakolatini hokimlardan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktoriga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Loyihada notariuslar zimmasiga bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqida arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash bo‘yicha murojaat qilingani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borish majburiyatini yuklatish belgilanmoqda.
Ichki ishlar organlari, sudlar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari, ta’lim tashkilotlari va boshqa muassasalar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, notarius va boshqa fuqarolarga bolalar ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganligidan xabardor bo‘lgach, 24 soat ichida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmaganligi uchun vasiylik, homiylik yoki tutingan ota-onalik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslarga bolalar farzandlikka berilmasligi va ular vasiy yoki homiy etib tayinlanmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Loyiha bilan vasiylarning vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan vasiylikdagi shaxs nomidan meros va hadya olishdan voz kechish huquqi ham chiqarilyapti. Shuningdek, bola uchun undiriladigan alimentni kamaytirishga oid ishlarni ko‘rishda bola manfaatlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlari vakilining majburiy ishtiroki belgilab qo‘yilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan ota-ona yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bolaning sog‘lig‘ini tiklash va reabilitatsiya qilish uchun qilingan qo‘shimcha xarajatlarni bola foydasiga undirish haqida kiritilgan arizalar, yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi yashaydigan joyga doimiy ro‘yxatga qo‘yganda davlat boji to‘lashdan ozod etish taklif etilmoqda.
Majlisda qonun loyihasining ayrim normalari yuzasidan bir qator aniqlashtiruvchi savollar ko‘tarildi. Jumladan, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Zuhriddin Mavlonovning ta’kidlashicha, Oila kodeksining 152-moddasida frazandlikka olish mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan shaxslar toifasi belgilangan. Qonun loyihasida voyaga yetgan va maxsus o‘quv kurslarini tamomlaganlik haqidagi sertifikatga ega bo‘lgan shaxslargina farzandlikka oluvchilar ro‘yxatiga kiritilyapti. Buning zarurati nimada?, deya qonun tashabbuskorlariga yuzlandi.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi To‘ychi Yoqubov qonun loyihasi bilan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga to‘xtalib o‘tdi. Ya’ni, 29-moddada “muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan hamda birinchi marta ishga kirayotgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslarni davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz ishga qabul qilish” masalasi ko‘tarilayotganini, tanlovlarda oddiy oila farzandlari, ya’ni boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oila farzandlari ham ishtirok etishini nazarda tutgan holda, bunda ularning huquqlari poymol bo‘lmaydimi? degan savol bilan qonun tashabbuskorlariga yuzlandi.
Qonun tashabbuskorlari deputatlar tomonidan ko‘tarilgan barcha savollarga atroflicha tushuntirish berib o‘tishdi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.