Valyuta kurslari 17/07/2025
$1 – 12758.36
UZS – -0,15%
€1 – 14820.11
UZS – -0,74%
₽1 – 163.34
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 17/07/2025 Boku va Tbilisida Oʻzbekistonning Kavkaz orqali yuk tashishni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Boku va Tbilisida Oʻzbekistonning Kavkaz orqali yuk tashishni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro transport-logistika bozorida O‘zbekistonning ishtirokini yanada mustahkamlash maqsadida “Temiryoʻlkargo” AJ bosh direktori A.A. Muminov hamda bosh maslahatchi A.S. Kamalov Ozarbayjon va Gruziya davlatlariga xizmat safarini amalga oshirishdi.

Tashrif doirasida “Ozarbayjon temir yo‘llari” AJ raisi o‘rinbosari I.A. Guseynov hamda “ADY Express” kompaniyasi direktori A. Gasimov bilan muzokaralar olib borildi. Uchrashuvlarda O‘zbekistonning eksport-import yuklarini O‘rta koridor orqali tashishni kengaytirish, yuk oqimini ko‘paytirish hamda qo‘shimcha yuklarni jalb etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘rtasida tegishli kelishuvlarga erishildi.

Delegatsiya, shuningdek, Gruziyaning Tbilisi va Batumi shaharlarida qator uchrashuvlar o‘tkazdi. “Georgian Railway” kompaniyasi departamenti rahbari Devid Samxarashvili bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davomida Poti va Batumi portlari hamda Gruziya–Axalkalaki–Kars yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashish hajmini oshirish, yuk vagonlarini samarali o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish, mavjud vagon parkidan birgalikda foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Batumi temir yo‘l stansiyasi va port infratuzilmasi bilan tanishuv doirasida vagonlardagi yuklarni tushirish va yuklash jarayonlarini tezlashtirish, logistika xizmatlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Ushbu tashriflar “Temiryoʻlkargo” AJning xalqaro logistika maydonidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yuk tashish jarayonlarini takomillashtirish hamda O‘zbekistonning tranzit salohiyatini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling