Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMT Bosh Kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi (UNRCCA) rahbari Kaha Imnadze boshchiligidagi delegatsiya 24 noyabr kuni Termizga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibiga BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mahl, BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha vakili Oliver Stolpe hamda Xalqaro Migratsiya Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Endryu Grey kirdi.
Delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev bilan uchrashib, mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga oid muhim masalalarni muhokama qildi.
Tashrif davomida BMT rasmiylari "Termiz Carg Markazi" va "Termiz erkin savdo" zonasini ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, delegatsiya Afg‘oniston-O‘zbekiston ta’lim markaziga ham tashrif buyurdi.